Kecha, 1-sentyabr kuni soat 15:17 da Surxondaryo viloyati, Boysun tumani, “Koʻlqamish” MFY hududida joylashgan “Mustaqillikning 25-yilligi” koniga qarashli 604-sonli quduqda burgʻilash ishlari olib borilishi vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgan.
Aholi xavfsizligini taʼminlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan.
Voqea tufayli fuqarolarning tan jarohati olishi yoki halok boʻlish holatlari kuzatilmagan. Ayni paytda vaziyat toʻliq nazorat ostida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shaxsan topshiriqlariga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Ramatov, Favqulodda vaziyatlar vaziri general mayor Abdulla Qoʻldoshev, Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov hamda “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Bahodirjon Siddiqov hodisa joyiga yetib borishdi. Bu yerda barcha tegishli vazirlik va tashkilotlarni jalb etgan holda, Tezkor shtab tashkil qilingan. Texnogen ofat asoratlarini bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda.
Hodisa toʻgʻrisida yana batafsil maʼlumot beriladi.