Energetika vazirligi “Gazprom” bilan imzolangan “yoʻl xarita” tafsilotlarini maʼlum qildi

    Energetika 19 Iyun 2023 2385

    Шартнома доирасида жорий йилнинг 1 октябридан кунига 9 миллион кубометр табиий газни импорт қилиш бошланиши мўлжалланмоқда. Йиллик ҳажм эса қарийб 2 миллиард 800 миллион кубометрни ташкил этади.

    Joriy yilning 16-iyun kuni XXVI Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Rossiya gazini Oʻzbekistonga yetkazib berish boʻyicha shartnoma hamda respublikamiz gaz-transport tizimini ushbu gazni qabul qilishga tayyorlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” imzolangan edi.

    Gaz oldi-sotdisi boʻyicha shartnoma “UzGastrade” AJ va “Gazprom eksport” MCHJ oʻrtasida 2 yil muddatga tuzilgan boʻlib, uni ishonchnoma asosida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri J.Mirzamahmudov va “Gazprom” OAJ boshqaruvi raisi A.Miller imzolaganlar.

    Taʼkidlash lozimki, shartnoma toʻliq tijoriy shartlarda ishlab chiqilib, respublikamiz isteʼmolchilarining tabiiy gazga boʻlgan yildan-yilga oshib borayotgan ehtiyojini qisman qondirish hamda kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazishga qaratilgan chora-tadbirlardan biridir.

    Shartnoma doirasida joriy yilning 1-oktyabridan kuniga 9 million kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi moʻljallanmoqda. Yillik hajm esa qariyb 2 milliard 800 million kubometrni tashkil etadi.

    Tabiiy gaz narxi mintaqadagi bozor narxlari asosida, shuningdek, respublikamizdagi amaldagi narxlar hamda ularni bozor tamoyillari asosida shakllantirish boʻyicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, kelishilgan.

    Yuqorida koʻrsatilgan “yoʻl xaritasi”ga muvofiq, avval tabiiy gaz “Oʻrta Osiyo – Markaz” magistral gaz quvuri orqali Qozogʻistondan tranzit bilan Rossiyaga yuborilganligi va endilikda gazning revers rejimida (teskari oqimda) Oʻzbekistonga yetkazilishini, shuningdek, respublikamiz hududida yangi gaz oʻlchash stansiyasi qurilishini hisobga olgan holda, belgilangan tadbirlarni joriy yilning sentyabr oyiga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

    Jumladan, “yoʻl xaritasi” doirasida respublikamiz gaz-transport tizimidagi 3 ta gaz haydash uskunasi yangilariga almashtiriladi va 11 ta turli rusumdagi gaz haydash uskunasida mukammal taʼmirlash hamda tiklash ishlari bajariladi. 22 kilometrlik yangi magistral gaz quvurlari quriladi va 56 kilometrlik gaz quvurlari taʼmirlanadi.