Energetika vazirligi rasmiy munosabat bildirdi

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Oʻtgan yili Jahon banki tomonidan Oʻzbekistonda svet oʻchmasligi uchun ajratilgan 423 million dollar qayerda?” mazmunida xabarlar tarqaldi.

    Ushbu xabarlarga javoban Energetika vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi:

    Jahon bankidan kredit mablagʻlari 2022-2026-yillar davomida jalb qilinadi. Hozirgi paytda kredit mablagʻi jalb qilinmagan.

    Jahon banki koʻmagida “Elektr energetika sohasini transformatsiya qilish va elektr energiyasini barqaror uzatish” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan boʻlib, Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (Jahon banki guruhi) tomonidan 380 million AQSH dollari, Yashil iqlim jamgʻarmasi tomonidan esa 43 million AQSH dollari miqdorida kredit ajratilishi rejalashtirilgan.

    Ushbu loyiha 2022-2026-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

    Ushbu moliyalashtirish Oʻzbekiston hukumatiga eng past foiz stavkalari boʻyicha va maksimal muddati 40 yilgacha taqdim etiladi.

    Loyiha doirasida respublika boʻylab 22 ta eskirgan yuqori kuchlanishli podstansiya rekonstruksiya qilinadi. Buning natijasida magistral tarmoqlarning quvvat oʻtkazish imkoni 1036 MVtga ortadi.

    Shuningdek, 2022-2026-yillar davomida 1602 MVt quvvatga ega boʻlgan yangi 500 kVli raqamli podstansiya va 285 kilometr uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari quriladi.

    Ushbu loyihaning muhim strategik tarkibiy qismi SCADA va EMS tizimini amalga oshirish hisoblanadi va bu energiya tizimida dispetcherlik va monitoring qilish imkonini beradi.

    Bundan tashqari, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJni kelajakda transformatsiya qilish uchun Enterprise Recourse Planning (ERP) tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

    Hozirda ushbu loyihalarni “tayyor holda topshirish” sharti asosida pudratchilarni aniqlash uchun Jahon banki talablariga muvofiq Xalqaro tender savdolarini oʻtkazish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, bugungi kunda respublika boʻylab SCADA tizimini joriy qilish va 500 kVli “Xalqa” podstansiyasini qurish boʻyicha Xalqaro tender savdolari eʼlon qilingan hamda Sirdaryo va Toshkent viloyatlarini bogʻlovchi yuqori kuchlanishli havo tarmogʻi uchun tender takliflari baholash hisoboti Jahon banki bilan kelishilmoqda.

    Magistral tarmoq podstansiyalarini modernizatsiya qilish loyihasining 2-fazasi uchun tender savdolari joriy yilning dekabr oyidan boshlab bosqichma-bosqich eʼlon qilib boriladi.

    Bosh pudratchilar aniqlanganidan soʻng, Jahon bankining kredit mablagʻlaridan foydalanish boshlanadi, deyiladi Energetika vazirligi matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilangan bayonotda.