Safar davomida «Pietro Fiorentini», «Terranova», «Danieli», «Amec Foster Wheeler – WOOD» kompaniyalari, shuningdek, Italiyaning SACE eksport kredit agentligi va Italiya Tashqi ishlar vazirligi rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuvlar doirasida «ASKUG» dasturiy ta’minoti, MTO texnologiyasi, gaz to‘ldirish stansiyalari, O‘zbekiston gaz tashish tizimini loyihaviy modernizatsiya qilish sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Xususan, muzokaralar chog‘ida «Pietro Fiorentini» va «Terranova» kompaniyalari «Texnopark» MChJda «aqlli» gaz hisoblagichlarni ishlab chiqarish loyihasi uchun dasturiy ta’minotni takomillashtirish maqsadida hamkorlik imkoniyatlarini, shuningdek, issiqxonalar, gaz to‘ldirish shoxobchalari va boshqa sanoat ob’ektlari uchun sanoat gaz hisoblagichlarini chuqur mahalliylashtirilgan holda ishlab chiqarishni tashkil etishni muhokama qildilar. Shuningdek, gaz tashish tizimini raqamlashtirish va modernizatsiya qilishda xorijiy tomonning ishtiroki, O‘zbekiston energetika sohasida yagona «billing» tizimini yaratish imkoniyati yaratildi.

«Amec Foster Wheeler – WOOD» kompaniyasi bilan texnologik va kimyoviy yo‘nalishi prezidenti Djuzeppe Zukkaro hamda texnologik jarayonlar va energetika direktori xonim Rosa Domeniki MTO texnologiyasi yordamida gaz-kimyo majmuasini qurish loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Unda xorijiy tomon yaratilayotgan ishlab chiqarishning muvaffaqiyatli ishlashini ta’minlash uchun O‘zbekistonda mutaxassislar tayyorlashga tayyorligini bildirdi.

O‘zbekistondagi loyihalarni moliyalashtirish masalalari O‘zbekiston delegatsiyasi va Italiyaning SACE eksport kredit agentligi o‘rtasidagi muzokaralar mavzusi bo‘ldi. Agentlik Bosh ijrochi direktori Janob Pierfranchecko Latini bir qator sohalarda istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish, jumladan, «aqlli» tabiiy gaz hisoblagichlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, O‘zbekiston gaz tashish tizimini modernizatsiya qilish va Buxoro viloyatida MTO texnologiyasi yordamida gaz-kimyo majmuasini qurish imkoniyatini o‘rganishga tayyorligini bildirdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashuvda Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o‘rinbosari Manlio Di Stefano Italiyaga bo‘lajak oliy darajadagi tashrifning muhimligini alohida qayd etdi.

Xorij tomoni «Italiya – Markaziy Osiyo» formatidagi ikkinchi Vazirlar anjumanini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorligi uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.

Shu bilan birga, M. Di Stefano SACE bilan hamkorlikni kengaytirishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va Italiya hukumati SACEni O‘zbekistondagi loyihalarni moliyalashtirishda ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini ta’kidladi.

Muzokaralar natijasida tomonlar hamkorlik masalalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.