Energetika vazirligi: Yaxshiroq ekologiya uchun innovatsiyalar

    Energetika 12 May 2022 2186

    Fargʻona neftni qayta ishlash zavodida neftni qayta ishlash jarayonida atrof-muhitga yetkaziladigan zararni minimallashtirish maqsadida neft shlamini mexanik ravishda qayta ishlashning zamonaviy yuqori samarali texnologiyasi qoʻllaniladi.

    Shu maqsadda olti oy davomida Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi mutaxassislari tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari, xalqaro injiniring kompaniyalari mutaxassislari bilan maslahatlashuvlar olib borildi.

    Neft shlami bilan bogʻliq qanday muammo mavjud? Bu chiqindi turi boʻlib, neft sanoatida atmosfera ifloslanishiga asosiy taʼsir etuvchi omillardan biridir.

    Bunday neft shlamni yoʻq qilish boʻyicha koʻpgina loyihalar ayrim sabablarga koʻra kutilgan samarani bermaydi. Ular orasida: notoʻgʻri tanlangan uskunalar va kimyoviy moddalar (demulsifikatorlar, flokulyantlar), qayta ishlanadigan chiqindilarning holati va boshqalar haqida bilimning yetarli emasligidir.

    Ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgandan soʻng Fargʻona neftni qayta ishlash zavodida amaliyotda qoʻllash uchun trikanter sentrifuga asosida neft shlamini mexanik ravishda ajratishning innovatsion usuli tanlandi.

    Ushbu texnologiya neft shlamini tijorat sifatli neft, suv va atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan qattiq fazaga ajratish orqali yoʻq qilish (utilizatsiya) imkonini beradi. Shunday qilib, atrof-muhitga salbiy taʼsirni minimallashtirish natijasiga erishiladi.

    Ayni paytda Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi “Hebei GN Solids Control Co., Ltd” (XXR) kompaniyasi bilan turli xil neft shlami kompozitsiyalarini qayta ishlash tizimining mobil versiyasini toʻliq ishlab chiqarish va yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzoladi. Ushbu texnologiyani joriy etishning umumiy qiymati taxminan 800 ming dollarni tashkil etadi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

    Muhimi, ushbu tizimning quvvati nafaqat Fargʻona neftni qayta ishlash zavodida hosil boʻlgan neft shlamini, balki Respublikamizning zarur boʻlgan istalgan korxonalarida hosil boʻladigan neft shlamlarini ham qayta ishlash imkonini beradi.