Energetika vazirligi: zaryadlash stansiyalari tarmoqdan uzilmagan

    Elektromobillarni zaryadlash stansiyalarini tarmoqdan uzilayotgani xabar qilinmoqda. Energetika vazirligi bu xabarga raddiya berib, qaysi stansiyani uzishgan boʻlsa, “Ishonch telefonlari”ga murojaat qilishini soʻradi.

    Bugun bir qator ijtimoiy tarmoqlar va axborot saytlarida elektromobillarni quvvatlash stansiyalari hech qanday huquqiy asos koʻrsatilmagan holda oʻchirib qoʻyilayotgani haqida xabar tarqaldi.

    Aytilishicha, quvvatlash stansiyalarini elektrdan uzish boʻyicha vazirlik topshiriq bergan. Energetika vazirligi mazkur xabar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, ayni paytda mamlakatimizda generatsiya, yaʼni elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha hech qanday muammo yoʻq. Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi esa oʻz ehtiyojimizni toʻliq qoplashga yetadi.

    Energetika vazirligi quvvatlash stansiyalarini tarmoqdan uzish boʻyicha topshiriq bermagan.

    "Shuni alohida aytish kerakki, Energetika vazirligi ekologiyamizni asrashga katta hissa qoʻshadigan elektromobillarni Oʻzbekistonda ommalashtirish tarafdori.
    Shu oʻrinda elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini oʻrnatgan tadbirkorlik subyektlarining qonuniy faoliyatlariga toʻsqinlik qilish holatlariga duch kelsangiz, Energetika vazirligining +99871-231-16-61 (ichki 7037, 7046 va 7057) raqamli “Ishonch telefonlari”ga murojaat qilishingizni soʻraymiz", — deyiladi raddiya matnida.