Energiya samaradorligini oshirishga investitsiyalar jalb etiladi

    Energetika 12 Oktabr 2020 632

    2020-yil 9-oktyabrda Hukumat qarori bilan 640-sonli “Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga muvofiq, Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasining asosiy maqsadi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda hamda aholi xonadonlarida energiya samaradorligi loyihalarini amalga oshirishga investitsiyalarni jalb qilish va moliyalashtirish hisoblanadi.

    Jamgʻarma mablagʻlaridan, jumladan, binolar va koʻp kvartirali uylarning energiya samaradorligini oshirish, issiqlik himoyasini yaxshilash boʻyicha loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini tayyorlashni moliyalashtirish, shuningdek energiya auditini oʻtkazish uchun foydalaniladi.

    Jamgʻarma Direksiyasining ijrochi direktori Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Energetika vazirligining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadi.

    Nizomga koʻra, loyiha tashabbuskori Jamgʻarmadan moliyaviy mablagʻ jalb etish uchun onlayn Direksiyaga (energoservis saytiga) buyurtma toʻldirish orqali murojaat qiladi.

    Buyurtma ekspert guruhi tomonidan 5 ish kunida koʻrib chiqiladi.

    Ekspert guruhi tomonidan moliyaviy mablagʻ ajratish toʻgʻrisida xulosa berilgan loyihalar boʻyicha Direksiya tomonidan bir hafta muddatda taklif tayyorlanib, kuzatuv kengashiga qaror qabul qilish uchun kiritiladi.

    Direksiya Kuzatuv kengashi tomonidan mablagʻ ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kundan keyin bir kun muddatda energoservis sayti orqali onlayn tarzda qarz oluvchiga maʼlumot beradi.

    Jamgʻarmadan mablagʻ ajratilishi Jamgʻarma va qarz oluvchi oʻrtasida shartnoma bilan rasmiylashtiriladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.