Energiya samaradorligini taʼminlash holati koʻrib chiqildi

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni tarmoq va hududlarda energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari boʻyicha hisobot bilan tanishdi.

    Aholi oʻsib, korxona va muassasalar koʻpaygani sayin energiya resurslariga talab oshib borishi tabiiy. Mamlakatimizda shunga mutanosib energiya manbalarini va generatsiya quvvatlarini koʻpaytirish choralari koʻrilmoqda. Shu bilan birga, bu quvvatlardan oqilona foydalanish, energiyani tejash ham juda zarur.

    Shu maqsadda iqtisodiyot tarmoqlaridagi eski texnologiyalar energiya tejamkoriga almashtirilmoqda. Sanoat korxonalarida “yashil energiya” manbalari joriy qilinmoqda. Binolarni qurishda issiqlikni saqlovchi materiallardan foydalanilmoqda. Xonadonlar va ijtimoiy muassasalarda oʻrnatilgan quyosh panellari ularga qoʻshimcha quvvat bermoqda.

    Joriy yil boshida hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar shakllantirilgan edi. U, ishlab chiqarishga xalal bermagan holda, energiya isteʼmolini samarali tashkil etish orqali muayyan hajmlarni tejashga qaratilgan.

    Yigʻilishda shu boradagi ishlarning bajarilish holati koʻrib chiqildi.

    Energiya isteʼmolida oʻgʻirliklar koʻpligi koʻrsatib oʻtildi. Masalan, bu yil 15 mingta holatda tabiiy gaz va 28 mingta holatda elektrdan oʻgʻirlik aniqlangan. Buning sababi – hozirgi tizimda noqonuniy ulanishlarning oldini olish emas, oqibati bilan kurashilayapti.

    Shu bois bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik, energiya sarfini qatʼiy nazorat qilish, masʼullarning javobgarligini oshirish zarurligi qayd etildi.

    Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda sohada qator loyihalar amalga oshirilmoqda, stansiyalar barpo etilmoqda. Bu yil barcha manbalar hisobidan 4 gigavattlik elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

    Davlatimiz rahbari sohadagi investitsiyaviy loyihalarni, chet ellik sheriklar bilan erishilgan kelishuvlarni yuqori darajada amalga oshirish kerakligini taʼkidladi.

    Shuningdek, yigʻilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha ham axborot berildi.

    Qayd etilganidek, 850 kilometr magistral tarmoq va 9 ta podstansiyani taʼmirlash boʻyicha ishlar boshlangan. Bunga qoʻshimcha 595 kilometr elektr tarmogʻi qurilib, qator yangi podstansiyalar ishga tushiriladi. Issiqlik stansiyalari barqaror ishlashi uchun zarur yoqilgʻi, butlovchi va ehtiyot qismlar zaxiralari shakllantirilmoqda.

    Mutasaddilarga energiya ishlab chiqarishni koʻpaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilib, energiya yetkazib berish uzluksizligini taʼminlash yuzasidan vazifalar qoʻyildi.