Energiya taʼminoti boʻyicha ishlar holati koʻrib chiqildi

    Hukumat 24 Oktabr 2022 3442

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-oktyabr kuni kuz-qish mavsumida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalarining barqaror ishlashini taʼminlash boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

    Maʼlumki, joriy yil 23-sentyabrda bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan. Har bir viloyat, tuman va yoʻnalishlar kesimida alohida reja-jadvallar va chora-tadbirlar ishlab chiqilib, manbalari belgilangan.

    Yigʻilishda energetika vaziri va viloyat hokimlari shu borada bajarilgan ishlar boʻyicha hisobot berdi.

    Qayd etilganidek, aholini, avvalo, elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Buning uchun IV chorakda 21 milliard kilovatt soat, kelgusi yil boshida qariyb 22 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, kuz-qish mavsumida aholiga 10 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib berilishi belgilangan.

    Davlatimiz rahbari bu jarayonda isrofga yoʻl qoʻymaslik uchun gaz quduqlaridan isteʼmolchigacha boʻlgan tizimni toʻliq raqamlashtirish boʻyicha koʻrsatma berdi.

    Tabiiy gaz tarmogʻidan uzoqdagi qishloq va ovullar, ijtimoiy obyektlarga suyultirilgan gaz va koʻmir yetkazib beriladi. Prezidentimiz qaysi hududga yana qoʻshimcha zaxira kerak boʻlsa, taʼminlab berilishini taʼkidladi.

    – Barcha tarmoq va hudud rahbarlari bu masalada masʼuliyatini ikki karra oshirib, aholini rozi qilishi, hech bir murojaatni eʼtiborsiz qoldirmasdan, tezkor hal etishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Energetika vazirligiga aholining energiya manbalari bilan taʼminlanganlik holatini real vaqt tartibida muntazam nazorat qilib borish topshirildi. Yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishda “koll-markaz”lar va hududiy ishchi guruhlar faoliyati muhim ekani qayd etildi.

    Energiya manbalarini iqtisod qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Dunyoda energetika sohasida roʻy berayotgan muammolar mintaqamizga ham taʼsir koʻrsatayotgani, bunday vaziyatda tejamkorlik dolzarb ekani qayd etildi. Shu bois barcha muassasalarda energiya tejovchi texnologiyalar oʻrnatish, odamlarning bu borada daxldorligini oshirish muhimligi taʼkidlandi.

    Yigʻilishda korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, tijorat banklarining barqarorligini oshirish masalalariga toʻxtalib oʻtildi. Kreditlar evaziga ishga tushirilgan loyihalarni toʻliq quvvatga olib chiqib, ularning muddati oʻtgan qarzdorligini kamaytirishga koʻmaklashish boʻyicha topshiriqlar berildi.