Energiya tejovchi qurilmalarni xarid qilish uchun kompensatsiyalar ajratiladi

    Energetika 15 Aprel 2021 1108

    Hukumat qarori (217-son, 14.04.2021-y.) bilan Energiya samarador va energiya tejovchi qurilmalarni xarid qilish hamda ushbu maqsadlar uchun olingan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan kompensatsiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga koʻra, energiya samarador va energiya tejovchi qurilmalarni xarid qilish hamda ushbu maqsadlarga olingan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan kompensatsiya ajratiladi.

    Kompensatsiya quyidagi xarajatlarning bir qismini qoplash uchun ajratiladi:

    jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq:

    quyosh fotoelektrik stansiyalari uchun – 3 million soʻmdan;

    quyosh suv isitkichlari uchun – 1,5 million soʻmdan;

    energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar uchun – 200 ming soʻmdan oshmaydigan miqdorda;

    qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar va qozonlar, shuningdek, energiya samarador boshqa uskunalarni xarid qilish uchun olingan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarining bir qismi qoplashga:

    jismoniy shaxslarga – 500 million soʻmdan oshmaydigan kreditlar boʻyicha – Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 8 foiz punktidan koʻp boʻlmagan miqdorda;

    yuridik shaxslarga – 5 milliard soʻmdan oshmaydigan kreditlar boʻyicha – Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 5 foiz punktidan koʻp boʻlmagan miqdorda.

    Maʼlumot uchun: Nizom talablari 2020-yil 1-yanvardan oʻz mablagʻi va kreditlar hisobidan energiya samarador va energiya tejovchi qurilmalarni xarid qilgan va oʻrnatgan shaxslarga tatbiq etiladi.