Prezidentning “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi oʻrtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2026-yil 1-fevraldan:

  • aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish boʻyicha “Kitob – maʼrifat manbai” dasturi amalga oshiriladi;
  • davlat organlarining kitob va kitobxonlik haqidagi reklamalari ijtimoiy axborot (reklama) sifatida tan olinadi;
  • transportlarida (avtobus, metro, samolyot, poyezdlar) simsiz yoki mobil internet tarmogʻi orqali “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi, qulaylik uchun QR kodlar oʻrnatiladi.

Umumtaʼlim muassasalarida “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tashkil etiladi:

  • klub aʼzolari oʻrtasida kitob tahliliga bagʻishlangan debatlar oʻtkaziladi;
  • maktablarda klub aʼzolariga yiliga kamida 20 ta kitob oʻqitib boriladi;
  • har chorakda tuman(shahar) kesimida eng faol “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari aʼzolari ragʻbatlantiriladi.

Shuningdek, qarorga koʻra, barcha vazirlik va idoralarda:

  • 2026-yil 1-martga qadar tegishli soha boʻyicha tavsiya etiladigan kasbiy faoliyatga oid adabiyotlar roʻyxati shakllantiriladi;
  • har yili kamida 3 tadan kasbiy faoliyatga oid xorijiy adabiyotlarni mahalliy nashriyotlar orqali oʻzbek tiliga tarjima qilib, malakali mutaxassislar ishtirokida ularni izohlar, lugʻat va misollar bilan boyitish amaliyoti joriy etiladi;
  • 2026-yil 1-aprelga qadar oʻzida va tizimidagi tashkilotlarda “Kitob burchagi” tashkil etiladi va xodimlar uchun har oyda “Kitob oʻqish soati” yoʻlga qoʻyiladi;
  • kitobxonlik boʻyicha ichki reyting tizimi joriy etiladi;
  • tanlov asosida eng koʻp kitob oʻqigan xodimga 1 oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi.

Shuningdek, eng koʻp kitob oʻqigan top-100 talikka kiradigan oʻquvchi va talabalarning har biriga BHMning 25 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.