Eng koʻp sof foyda olgan korxona — NKMK, Eng koʻp zarar koʻrgan korxona — “Oʻztransgaz”

    Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat ishtirokidagi korxonalarning moliyaviy hisobotlar tahlilini eʼlon qildi.

    Hozirda, davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2 117 tani tashkil etadi (227-AJ, 1 075-MCHJ, 815-DUK), shundan 347 tasi boʻlib toʻlash sharti bilan sotilgan. Bular faoliyatsiz yoki tugatish jarayoni olib borilayotgan korxonalar hisoblanadi. Ushbu korxonalarda davlat nomidan aksiyador (ishtirokchi, muassis) funksiyasi 70 dan ortiq vazirlik va idoralar, mahalliy hokimlik organlari tomonidan amalga oshiriladi.

    Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini tahlil qilish va monitoringini olib borish, ular faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktyabrdagi 674-son qarori bilan korxonalarning asosiy moliyaviy va iqtisodiy koʻrsatkichlarini Davaktiv agentligi saytida joylashtirib borish belgilandi.

    Shuningdek, Davaktiv agentligi tomonidan davlat ishtirokidagi korxonalar moliyaviy hisobotlarini umumlashtirish va sinxronlash maqsadida tegishli organlar bilan elektron maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.

    Shunga koʻra, 2021-yil yakuni boʻyicha moliyaviy hisobotlar tahlili natijasi boʻyicha, hisobot topshirgan 1770 ta korxonaning eng yuqori sof foyda olgan 20 ta, eng koʻp zarar koʻrgan 20 ta va davlat ulushi boʻyicha eng koʻp dividend toʻlagan (oraliq dividend va oldingi yillar qarzdorliklari bilan birga) 10 ta korxonalar roʻyxati shakllantirildi.

    Eng koʻp sof foyda olgan va dividend toʻlagan korxona shubhasiz bu – “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK boʻldi, shuningdek, eng koʻp zarar koʻrib ishlagan korxona esa “Oʻztransgaz” AJ deb topildi (“Oʻztransgaz” AJ oʻtgan yil ham eng koʻp zarar koʻrgan korxona hisoblangan).

    Davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar bilan Davaktiv agentligi rasmiy sayti orqali tanishishingiz mumkin.