Farmonga koʻra, 2024-yil 1-sentyabrgacha:

  • ixtisoslashtirilgan sport maktablari uchun maqbullashtirilgan oʻquv rejalari ishlab chiqiladi.

Bunda

  • Oʻzbekiston tarixi va ingliz tili fanlarining chuqurlashtirilgan holda oʻqitilishiga hamda umumlashgan tabiiy fan va sport psixologiyasining zamonaviy usullarda oʻrgatilishiga alohida eʼtibor qaratiladi;
  • ixtisoslashtirilgan sport maktablarida ikkinchi xorijiy tilni oʻrgatish yoʻlga qoʻyiladi;
  • har bir tuman va shahardan kamida 3 tadan eng namunali davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tanlab olinib, gimnastika xonalari tashkil qilinadi.

Farmonga muvofiq, ixtisoslashtirilgan sport maktablarida:

  • oʻquv-tarbiya jarayoni 5–11-sinflar doirasida maxsus taʼlim dasturlari boʻyicha tashkil etiladi;
  • qabul jarayonlariga xalqaro va mahalliy trener-seleksionerlar jalb qilinadi;
  • taʼlim jarayoni oʻquvchilar soni 12 nafardan 24 nafargacha sinflarda amalga oshiriladi;
  • oʻquvchilarining umumiy cheklangan soni 168 nafar etib belgilanadi.

2024/2025 oʻquv yilidan har yili mahalliy va xorijiy sport ustalari, trener hamda mashhur sportchilar ishtirokida mahorat darslari oʻtkaziladi.

Farmonga asosan, ixtisoslashtirilgan sport maktablari oʻquvchi-sportchilari Oʻzbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida alohida jamoa sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirok etadi.

Shuningdek, ixtisoslashtirilgan sport maktablari tizimida boks va gimnastika boʻyicha trenerlar maktabi tashkil qilinadi.

2024-yil 1-sentyabrdan ixtisoslashtirilgan sport maktablari xodimlariga har oylik 100 foizgacha ustama toʻlash tartibi joriy etiladi.