Jumladan, Prezident maslahatchisi oʻrinbosari – Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligidagi ishchi guruh vakillari, sektorlar rahbarlari eng olis, chekka hududlarda boʻlib, odamlar bilan muloqot olib boryapti.
Nukus shahridan yuz kilometr olisdagi Qoʻngʻirot tumanining “Qoʻngʻirot”, “Qoratol” ovullarida aholi, “mahalla yettiligi” bilan muloqotlar asnosida kichik tadbirkorlik subyektlari vakillarini oʻylantirayotgan masalalar oʻrganilib, joyida yechim topib berildi. Ogʻir ijtimoiy ahvoldagi oilalarga amaliy yordam koʻrsatildi.
Nukusdan uch yuz kilometr uzoqda joylashgan Ellikqalʼa tumani “Chuqurqoq” ovuli aholisi bilan muloqotlarda avvalgi sayyor qabullardagi murojaatlar boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi ham oʻrganildi.
Shu kuni aholi uchun arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil qilinib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi, ularga kishki kiyim-boshlar, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Nukus shahridan yetmish kilometr olisdagi Qoraoʻzak tumani “Qutli makon” mahallasida tashkil qilingan navbatdagi sayyor qabulda asosan tabiiy gaz, elektr energiyasi, sogʻliqni saqlash, soliq imtiyozlari boʻyicha qator murojaatlar koʻrib chiqilib, ularning aksariyati joyida hal qilindi. Shuningdek, chekka-olis ovullarda uyma-uy yurilib, ogʻir sharoitdagi oilalar, bemorlar, yolgʻiz keksalar holidan xabar olindi.
Prezident Xalq qabulxonalari va sektorlar hamkorligidagi bu kabi amaliy ishlar, aholi bilan muloqotlar, sayyor qabullar Orolboʻyining qolgan hududlarida ham tashkil qilinyapti.