Dolzarb mavzularni dadillik bilan ko'tarib, muammolar echimiga hissa qo'shayotgan ijodkorlarni yanada ruhlantirishni maqsadida tashkil etilgan tanlovga joriy yilda ham 7 nominatsiya bo'yicha 350 nafarga yaqin ijodkor — jurnalistlar, yozuvchi-shoirlar, kino san'ati, tasviriy san'at, foto asarlar, dizayn ishlari ijodkorlaridan bir ming yetti yuzga yaqin ijodiy ishlar taqdim etilgan.

Odatdagidek, O'zbekiston Jurnalistlari uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi, O'zbekiston Milliy media birlashmasi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Badiiy akademiya, O'zbekiston Milliy axborot agentligi – O'zA, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tanlovning “Bosma OAV xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari” nominatsiyasida 74 nafar jurnalist 359 ta ijodiy ish bilan qatnashgan.

— Menga bo'lgan e'tibor va e'tirof bir quvonch bag'ishlasa, mehnat quvonchi, xalqning bahosi, haq so'zni aytish — katta bir baxt, — “Bosma OAV xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari” nominatsiyasi bo'yicha 1-o'rin sohibi Shoyim Bo'tayev.

“Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun” nominatsiyasiga ham o'tgan yilga nisbatan ko'p — 30 ga yaqin ijodkor o'z kitoblarini taqdim etgan.

Ayni nominatsiya doirasida 1-o'ringa sazovor bo'lgan Mamatqul Hazratqulov bunday e'tirof ijodkorni yanada ruhlantirishini aytib, eng ulug', eng aziz bayramimiz nomi bilan atalgan tanlovda g'olib bo'lish, hatto qatnashishning o'zi katta sharafligini alohida ta'kidladi.

Ko'rik-tanlov g'oliblari munosib taqdirlandi. San'atkorlarning diltortar kuy-qo'shiqlari esa tadbirga fayz ulashdi.

 

Munojat Mo'minova