“Eng yaxshi milliy kontent” respublika tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

    Tanlovda “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi — Yuz.uz internet nashri muxbiri ham gʻoliblar qatoridan joy oldi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning 13-yanvar kuni oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashi yigʻilishida milliy kontent masalasiga alohida toʻxtalib, «Agar biz Oʻzbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni oʻz qoʻlimizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtayi nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib bergan boʻlamiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy maʼlumotlar, real voqealarga boʻlgan ehtiyojni biz toʻldirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi«, degan edi.

    Shu yilning 26-sentyabr kuni Oʻzbekiston milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan internet nashrlari jurnalistlari hamda ijtimoiy tarmoq faollari (blogerlar) oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Eng yaxshi milliy kontent” tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Taqdirlash marosimida ommaviy axborot vositalari vakillari, gazeta va jurnallar bosh muharrirlari, keng jamoatchilik faollari va blogerlar ishtirok etdi.

    Tanlov ikkita yoʻnalish – Internet jurnalistikasi va Blogerlik faoliyati boʻyicha va 8 ta nominatsiya boʻyicha 100 nafarga yaqin internet nashrlari jurnalistlari va ijtimoiy tarmoq faollari – blogerlar oʻz ijodiy ishlari, blog-postlari bilan ishtirok etdi.

    Shuningdek, tadbirda “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi — Yuz.uz internet nashri muxbiri Boboravshan Gʻoziddinov ham “Milliy kontentni boyitishga qoʻshgan hissasi uchun” ragʻbatlantiruvchi nominatsiyasi boʻyicha taqdirlandi.


    Zulxumor AKBAROVA