Uchrashuvda respublikaning barcha hududlari videokonferensaloqa orqali ulangan holda qariyb 400 nafardan ortiq sohada faoliyat yuritayotgan yoshlar, talaba-oʻquvchilar, soha tashkilotlari rahbar-xodimlari ishtirok etdilar.
Vazir pandemiya sharoitida axborot texnologiyalari sohasining ahamiyati qanchalik yuqori ekani oʻz isbotini topganini qayd etdi.
“Pandemiya davrida barchamiz – bir tomondan, shifoxonalar, poliklinikalar, davolash muassasalari va dorixonalarga qaratilgan boʻlsa, ikkinchi tomondan kundalik hayotimiz, ijtimoiy soha, taʼlim, aholi bandligini taʼminlash, onlayn-ish rejimini tashkil etishda AyTi sohaning naqadar muhimligiga yana bir bor amin boʻldik”, – dedi soha rahbari.
Shuhrat Sodiqov davlatimiz rahbarining yoshlar masalalariga eʼtibori haqida toʻxtalib, prezidentning “Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi!” degan satrlarni yodga oldi.
«Bu soʻzlar shunchaki oddiy soʻzlar emas. Buning tag zamirida bugun sizlarga yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlar, berilayotgan eʼtibor, yoshi kattalarning sizlarga boʻlgan havasi yotibdi, deb oʻylayman.
Bu ham boʻlsa yoshlarga oid siyosatni davlat darajasigacha olib chiqilishi yoshlarga boʻlgan eʼtiborning yaqqol namunasidir», – taʼkidladi vazir.

Uchrashuvda oʻtgan yil davomida sohada koʻplab yutuqlarga erishilgani va bunda yoshlarning oʻrni ulkan boʻlgani eʼtirof etildi.
“Mana shularni inobatga olgan holda sohadagi taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-oʻquvchilardan tortib, sohada oʻz oʻrnini topishga ulgurgan yoshlarning fidokorona mehnatlarini munosib taqdirlash uchun ham alohida mukofot joriy etdik”, dedi Shuhrat Sodiqov.
Ushbu mukofotlarni markaziy studiyada vazir, joylardagi studiyalarda vazirlikning hududiy boshqarmalari boshliqlari topshirdi.
Uchrashuvda Prezidentimiz tashabbusi bilan Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Mazkur loyiha doirasida yoshlarimiz dasturlash, veb-portal va mobil ilova yaratish kabi yoʻnalishlarda masofadan turib oʻqimoqdalar.
Loyihaning yana bir ahamiyatli jihati shundan iboratki, oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan umumtaʼlim maktablarining har yili 100 nafar eng yaxshi “Informatika va axborot texnologiyalari” fani oʻqituvchilarini bir martalik mukofotlash tizimi joriy qilingan.
2020-yil yakuni boʻyicha har bir oʻqituvchi 4,4 mln.soʻmdan ragʻbatlantirildi. Aksariyat hududlarda bu mukofotlar oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahridagi oʻqituvchilar AyTi tayanch maktablari ochilish marosimida taqdirlanadilar.
Soha rahbari joriy yil 1-martdan boshlab, ilmiy unvoni va darajasi mavjud boʻlgan soha korxonalari xodimlariga jamoa shartnomalariga muvofiq qoʻshimcha toʻlovlar amalga oshirilishini maʼlum qildi.
«Bilasizlarmi, hozir orangizda Oʻzbekistondagi eng yosh professor oʻtiribdi va u aynan bizning soha vakili ekanligidan juda ham xursandman.
Baxtiyor Mahkamov “Xizmat koʻrsatish tarmoqlari iqtisodiyoti” ixtisosligi boʻyicha professor hisoblanadi.
U Iqtisodiyot fanlari doktori, professor boʻlibgina qolmay, respublikamizda fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi Ilmiy kengashning eng yosh aʼzosi ham hisoblanadi.
Ilmiy yoʻnalishda muvaffaqiyatga erishgan yoshlarimizdan yana biri Muhidinov Muhriddin.
U ham oʻtgan yili texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga loyiq deb topilgan.
Buni bekorga aynan sizlar bilan uchrashuvda aytayotganim yoʻq.
Bundan koʻzlangan maqsad birinchidan, sizlarni ham shunga chorlash boʻlsa, ikkinchidan oʻylaymanki, eng yosh akademik ham aynan sizlarning orangizdan chiqadi, deb umid qilaman», dedi Shuhrat Sodiqov.
Oʻzbekistonning elektr energiya va tabiiy gaz bozorida regulyator tashkil etiladi