Yengil sanoatdagi natijalar va takliflar koʻrib chiqildi

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-dekabr kuni toʻqimachilik va charm sanoatidagi islohotlar natijadorligini yanada oshirish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

    Bu tarmoqlar aholi bandligi va eksportda katta oʻringa ega. Xususan, bunday korxonalarda 430 ming fuqaro ish bilan taʼminlangan. Yengil sanoatning jami ishlab chiqarishdagi ulushi 14 foizni, eksportda 16 foizni tashkil qiladi.

    Lekin bugungi murakkab sharoitda tashqi bozordagi vaziyat tez oʻzgarayapti. Buning taʼsirida eksport narxlari ip kalavada 9 foizga, gazlamada 15 foizga, tayyor mahsulotda 13 foizga tushgan. Asosiy eksport bozorlarimizda tayyor mahsulot olish kamaygan.

    Yigʻilishda bu vaziyatga moslashib ishlash, ichki imkoniyatlarni toʻliq safarbar etish choralari muhokama qilindi.

    Yanvar noyabr oylarida toʻqimachilik eksporti 2,6 milliard dollarni tashkil qildi. Sohadagi imkoniyatlar hisobiga buni oshirish mumkinligi taʼkidlandi.

    Jahon bozorida tola narxi pasayib borayotgan sharoitda tola va ip kalavani chuqur qayta ishlashni koʻpaytirish zarurligi qayd etildi. Buning uchun mato ishlab chiqarish va boʻyash korxonalarini qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash choralari belgilandi. Bu orqali ip kalavani qayta ishlash darajasini 70 foizga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

    Shu bilan birga, bu yil qoʻy va echki terisi eksportidan 10 foizlik yigʻim bekor qilingani natijasida 3 million dollarlik eksport shartnomalari tuzilgan. Buni kelasi yil ham davom ettirib, eksportni oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

    Charm sanoati korxonalarini xomashyo bilan uzluksiz taʼminlash choralari va kelgusidagi rejalar boʻyicha masʼullarning hisoboti eshitildi.

    Charm sanoatida bichuvchi, tikuvchi, kosib kabi oʻrta boʻgʻin kadrlari yetishmayotgani, bu yoʻnalishda yiliga bor-yoʻgʻi 167 nafar mutaxassis tayyorlanayotgani koʻrsatib oʻtildi. Shu bois, poyabzal ishlab chiqarish rivojlangan Andijon, Namangan, Fargʻona, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi yetakchi korxonalarni texnikumlarga bogʻlab, “dual taʼlim”ni yoʻlga qoʻyish zarurligi aytildi.

    Yigʻilishda kelgusi yilga moʻljallangan rejalar haqida ham axborot berildi.

    Qayd etilganidek, yengil sanoat tarmogʻiga 2 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilib, 82 ta yirik loyihani amalga oshirish hamda 25 mingta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan. Toʻqimachilik mahsulotlari eksportini 4 milliard dollarga, charm mahsulotlari eksportini 250 million dollarga olib chiqish maqsad qilingan.