Enter engineering pte. Ltd. korxonasi muassasalaridan birida ishchilar noroziligi yuzaga keldi

    Tashvishli xabar 21 Oktabr 2020 3200

    Bugun, 21-oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Enter Engineering kompaniyasi ishchilari aks etgan video eʼlon qilindi. Videoda kompaniyaning Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanidagi obyektlaridan birida ishchi-xodimlar tomonidan norozilik uyushtirilib kompaniya mulkiga zarar yetkazilgan.

    Hodisa 21-oktyabr kuni ertalab soat 7:30da ishchilar uchun moʻljallangan oshxonadagi monoblok tizimidagi (elektron kirish tizimi) texnik nosozlik sodir boʻlgan, oqibatda ular kundalik ovqatlanishga kira olmagan. Bu esa katta norozilik keltirib chiqargan.

    Ishchilarning noroziligi bosh pudratchilar (Enter Engineering, Hyundai Engineering) shu jumladan Buyurtmachi (Uzbekistan GTL) ofis binolarining deraza oynalari, ofis jihozlarini sindirish, shuningdek, boshqa vaqtinchalik bino va inshootlar (oshxona, omborlar, nazorat punktlari va boshqalar) buzilishiga olib keldi.

    Ertalab soat 9:00 dan boshlab qurilish maydonida vaziyat barqarorlashdi va ommaviy tartibsizlik toʻxtatildi. Hozirda “Uzbekistan GTL” mutaxassislari tomonidan qurilish maydonchasidagi buzilishlar va keltirilgan zararlar miqdori tekshirilib, tizimdagi nosozliklarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, texnik xodimlar ishchi guruhi monoblok tizimidagi nosozlikni tuzatmoqda.

    Ayni paytda Energetika vazirligi ishchi guruhi, “Oʻzbekneftgaz” AJ vakillari va “Enter Engineering Pte. Ltd” rahbariyati tafsilotlarni bilish va kelajakda shunga oʻxshash hodisalarning oldini olish maqsadida voqea joyiga uchib ketdi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.