Yer hisobi va davlat kadastrlarini samarali yuritish masalalari muhokama qilindi

    Hukumat 15 Oktabr 2020 5138

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-oktyabr kuni davlat kadastrlarini yuritishning yangi tizimini samarali tashkil etish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

    Mamlakatimizda yer ajratish va davlat kadastri sohasida bir necha oʻn yillar mobaynida tizimli muammolar toʻplanib qolgani sir emas. Tartib-intizom, hisob-kitob boʻlmagani sababli minglab gektar yerlar talon-toroj boʻlib ketgan. Bu sohadan aholi ham, tadbirkorlar ham norozi edi.

    Shu bois joriy yil 7-sentyabrda “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjatda sohani ilgʻor tajriba asosida isloh qilish, yangicha boshqaruv tizimini joriy etish, yerning hisobini toʻliq yuritish va raqamlashtirish boʻyicha komleks vazifalar belgilandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etildi. Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish vazifasi mazkur agentlikka, yerlardan samarali foydalanishni taʼminlash va nazorat qilish funksiyalari Qishloq xoʻjaligi vazirligiga oʻtkazildi.

    Yangi tizimga koʻra Kadastr agentligi Soliq qoʻmitasi tarkibida tashkil etilgani bejiz emas. Chunki bu sohada soliq bazasini kengaytirish uchun katta zaxira bor.

    Misol uchun, yaqinda Boʻstonliq, Furqat, Koson tumanlari va Urganch shahrida oʻtkazilgan oʻrganishlarda jami 2 mingdan ortiq koʻchmas mulk obyekti kadastr va soliq bazalarida hisobga olinmagani aniqlangan.

    Shunday holat yer maydonlarida ham bor. Masalan, xatlovlar natijasida 66 tumanda 150 ming gektar qoʻshimcha qishloq xoʻjaligi yerlari, shundan hisobotlarga kiritilmagan 28 ming gektar sugʻoriladigan ekin maydoni borligi ayon boʻlgan. Umuman, 113 tumanda yer fondi toifalari va turlarining aniq hisob-kitobi boʻlmagani oqibatida koʻplab zaxiralar yoʻqotilmoqda.

    Yigʻilishda yangi tizim asosida ishni tashkil etish uchun birinchi galda yer hisobini joyiga qoʻyib, toʻliq shakllantirib olish zarurligi taʼkidlandi.

    – Kadastr va yer hisobini yuritish sohasidagi qonun hujjatlari eskirgan. Ular murakkab, tushunarsiz yozilgan. Bu esa korrupsiyaga yoʻl ochib bergan. Bugun tizim tamomila oʻzgarishi kerak. Asosiy maqsad yer hisobini aniq yuritish, bu borada adolatni taʼminlashdir, – dedi Prezident.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar rahbarlariga barcha qishloq xoʻjaligi tumanlari boʻyicha yer kadastr hujjatlarini tayyorlab, Milliy geoaxborot tizimiga kiritish yuzasidan koʻrsatma berildi. Endi hokimlarning yer ajratish toʻgʻrisidagi qarorlari mazkur geoaxborot tizimiga kiritilmagunicha haqiqiy hisoblanmaydi.

    Shuningdek, Kadastr agentligi bilan soliq idoralarining maʼlumotlar bazasini birlashtirib, foydalanishdagi yer va obyektlarni hisobga olish hamda soliq shakllantirib borish vazifasi qoʻyildi.

    Bugungi kundagi oʻrmon xoʻjaligi kadastri 1987-yildan buyon yangilanmagani koʻrsatib oʻtildi. Undan beri oʻtgan davrda tabiiy yoʻl bilan yangi oʻrmonlar paydo boʻlgan. Shu bois Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga oʻrmonzorlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazish boʻyicha topshiriq berildi.

    Tizimdagi muammolardan biri shuki, 340 mingta obyektning kadastr qiymati belgilanmagan. Shundan 200 mingdan ziyod obyekt boʻyicha soliq hisoblanmayapti. Bundan tashqari, 1 milliondan ortiq uy-joyning kadastr hujjati yoʻq.

    Shu munosabat bilan Prezident koʻchmas mulk kadastri hisobini toʻliq shakllantirish zarurligi, bu soliq solish bazasini kengaytirishda muhimligini taʼkidladi. Undan keladigan mablagʻlar toʻliq mahalliy byudjetga tushadi va ular hisobidan ijtimoiy masalalarni hal etish mumkin.

    Qurilishdan bino-inshootning kadastr jildini tayyorlashgacha boʻlgan bosqichlarda undiriladigan toʻlovlar asosliligini oʻrganib, ularni kamaytirish va jarayonlarni soddalashtirish boʻyicha topshiriq berildi.

    Yer soligʻi hisoblash tizimini ham tubdan qayta koʻrib chiqish kerakligi aytildi. Xususan, viloyat markazlariga yaqin, suv taʼminoti yaxshi boʻlgan hududlarda ham, hosildorligi past joylarda ham yer soligʻi deyarli bir xilda hisoblanadi.

    Mutasaddilarga yerlarning haqiqiy qiymatidan kelib chiqib soliq hisoblash, bunda oshirilgan va kamaytirilgan koeffitsiyentlarni qoʻllash tizimini joriy etish boʻyicha topshiriq berildi. Shu maqsadda xalqaro ekspertlar jalb qilinib, obyektlarning bozor qiymatini aniqlash tartibi 4 ta tumanda sinovdan oʻtkazilishi belgilandi.

    Yigʻilishda yer uchastkasiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazmaslik yoki yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish muammosiga ham toʻxtalib oʻtildi.

    Qayd etilganidek, birgina joriy yilda 50 mingga yaqin holatda 11 ming 200 gektar yer oʻzboshimchalik bilan egallangan, shundan 3 200 gektarda noqonuniy uy-joy qurilgan. Bularning 99 foizi sugʻoriladigan, unumdor qishloq xoʻjaligi yerlari.

    Agrar yerlarni nazorat va ekinlarni monitoring qilish maqsadida har bir tuman dron bilan taʼminlanishi aytildi. Bundan tashqari, kosmosdagi sunʼiy yoʻldoshlar orqali kuzatuvdan foydalanib, noqonuniy qurilmalarni tezkor aniqlash va qurilishni ilk bosqichidayoq bartaraf etish imkonini beradigan axborot tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bu dastlab ayrim viloyatlarda sinovdan oʻtkaziladi.

    Barcha viloyat, tuman va shaharlarning maʼmuriy chegaralarini aniqlash ishlarini shu yil yakuniga yetkazib, mahalliy kengashlarda tasdiqlash vazifasi qoʻyildi. 2 mingdan ziyod nomsiz koʻchalar, 1 milliondan ortiq raqamsiz uylar borligi qayd etilib, tegishli koʻrsatmalar berildi.

    Maʼlumki, yurtimizda 21 turdagi davlat kadastri mavjud. Lekin bugungi kunda 9 ta kadastr boʻyicha maʼlumotlar 50 foizga ham yetmaydi. Oqibatda yerlarni auksionga chiqarish uchun turli idoralar joyiga chiqib oʻrganishga, alohida-alohida xulosa berishga majbur va unga 2 oy atrofida vaqt ketmoqda.

    Xususan, faqat shaharlararo avtomobil yoʻllari boʻyicha kadastr mavjud boʻlib, ichki yoʻllar boʻyicha birorta hududda kadastr tasdiqlanmagan. Shu bois bu boradagi kadastrni toʻliq hujjatlashtirib, Milliy geoaxborot tizimiga kiritish vazifasi belgilandi.

    Sohadagi islohotlarni samarali amalga oshirish uchun Kadastr agentligining barcha boʻgʻinlarini malakali kadrlar bilan toʻldirish, yangi tizim mazmuni va tartibi boʻyicha oʻqitish muhimligi taʼkidlandi. Joylardagi kadastr boʻlimlarining moddiy-texnik taʼminoti va mehnat sharoitlarini yaxshilash yuzasidan ham koʻrsatma berildi.

    – Umuman aytganda, har bir hokim va sektor rahbarlari yer hisobini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, yerni koʻz qorachigʻiday asrash hududlarning iqtisodiy yuksalishiga xizmat qiladigan asosiy omillardan biri ekanini anglab yetishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bu orqali uchta muhim masalani, yaʼni, yerdan samarali foydalanishni, fuqarolar va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mulk huquqini va daxlsizligini taʼminlashni hamda soliq bazasini kengaytirib, byudjet daromadiga qoʻshimcha zaxiralar shakllantirishni hal qilgan boʻlamiz.

    Videoselektor yigʻilishida mutasaddilar yer va kadastr hisobini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish orqali natijadorlikni taʼminlash choralari yuzasidan hisobot berdi.