Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ulugʻnor tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “S.Yo.” MCHJ rahbari X.M. fuqaro M.A.ning ishonchiga kirib, MCHJga Ulugʻnor tumani “Kichik sanoat zonasi” hududidan ajratilgan 40 sotix yer maydonini tanishlari yordamida 100 000 AQSH dollari evaziga uning nomiga rasmiylashtirib olib berishini aytib, oldindan 50 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Nurota tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Nurotatumangaz” boʻlimi sobiq rahbari Sh.I. fuqaro S.N.ning ishonchiga kirib, unga gaz taʼminoti boʻlimi hududidagi 3 sotix yer maydonini olib berishi evaziga 1 000 AQSH dollari va 79 mln soʻm pulini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.