Yer munosabatlarida hokim vakolatlari qisqardi

    Mamlakatimizda 17 Avgust 2021 2662

    “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–708-son, 16.08.2021-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

    “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartishga koʻra, xalq deputatlari Kengashi hujjatlari ustidan sudga shikoyat qilish va prokuror protest keltirishi mumkinligi belgilandi.

    Sugʻoriladigan yerni qurilish qilib oʻzboshimchalik bilan egallab olganlik uchun toʻgʻridan-toʻgʻri jinoiy javobgarlik (2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) oʻrnatildi.

    Sugʻoriladigan yerni sotish yoki uni qonunga xilof tarzda oʻzgaga berish uchun javobgarlik belgilandi. Unga koʻra, ushbu harakatlar ogʻirlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, 8-10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasi qoʻllaniladi.

    Bundan tashqari, qonun bilan yerga oid qonunchilikni buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirildi.

    Yer kodeksida viloyat hokimlarining qishloq xoʻjalik ehtiyojlari hamda boshqa davlat va jamoat ehtiyojlari uchun egalik qilishga, foydalanishga va ijaraga yer berish vakolati bekor qilinib, hokimlar faqat yerni ijaraga berish boʻyicha tanlov yakunlarini tasdiqlashi mumkin.

    Viloyat hokimlarining yerga oid qaror loyihalari hududiy adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi shart.

    Tuman hokimlarining yerni ijaraga berish huquqi cheklanib, quyidagi yerlarni ijaraga berish shartnomasi tuman hokimligi bilan tuziladi:

    ➖ Hukumat tomonidan ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalariga, agrosanoat klasterlariga, investorlarga berilgan yerlar;

    ➖ viloyat hokimining elektron tanlov natijalarini tasdiqlashga oid qarori asosida ajratilgan yerlar;

    ➖ elektron auksion asosida berilgan yerlar;

    ➖ xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar, xalqaro birlashmalar va tashkilotlar, chet el jismoniy va yuridik shaxslariga Hukumat tomonidan ajratilgan yerlar.