Yer munosabatlariga oid 3 ta noqonuniy sxema fosh etildi

    Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida yer uchastkalariga oid qator noqonuniy harakatlar toʻxtatildi.

    Bu haqda DXX xabar berdi.

    Ohangaron tumanida unitar korxona yuristi, muqaddam sudlangan shaxs Nurafshon shahrida xususiy korxonaga ajratilgan 90 sotix yer maydonini 250 ming dollarga sotishni taklif qilgan. Shuningdek, kadastr idoralaridagi tanishlari orqali kottej qurishga ruxsat olib berishni vaʼda qilib, xizmat evaziga 30 ming dollar talab qilgan. U tezkor tadbir paytida 40 ming dollar avans olgan vaqtda ushlangan.

    Qashqadaryoda esa gaz taʼminoti boʻlimi xodimi mansabdor tanishlari orqali davlat zaxirasidagi 1 gektar yerni 500 mln soʻmga sotishga kelishib, oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida qoʻlga tushgan.

    Buxoroda muqaddam sudlangan makler 1 250 kvadrat metr koʻchmas mulkni qayta toifalash va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 14 ming dollar talab qilgan. U ham pulni olayotganda ushlandi.

    Maʼlum qilinishicha, barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan, tergov harakatlari hamda ushbu jinoyatlarga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash ishlari davom etmoqda.