“Yer qaʼri toʻgʻrisida”gi qonun kuchga kirdi

    Hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 27-avgustda qabul qilingan boʻlib, 20-sentyabr kuni Senat tomonidan maʼqullangan edi.

    Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, “Yer qaʼri toʻgʻrisida”gi qonun rasman kuchga kirdi. Hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 27-avgustda qabul qilingan boʻlib, 20-sentyabr kuni Senat tomonidan maʼqullangan edi.

    Qonunni ishlab chiqishda Avstraliya, Kanada, AQSH, Rossiya, Turkiya, JAR, Indoneziya, Ozarbayjon va Qozogʻiston kabi davlatlarning sohadagi tajribasi oʻrganildi. Hujjatda xorijiy investorlar va davlat manfaatlarini uygʻunlashtirish maqsadida qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Qonun loyihasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari ishtirokida muhokama qilindi.

    Shuningdek, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Energetika vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ, Fanlar akademiyasi va Strategik islohotlar agentligi mutaxassislari ham oʻz takliflarini kiritdi.

    Qonun yer osti boyliklarini masʼuliyat bilan geologik jihatdan oʻrganish, ulardan samarali foydalanish va muhofaza qilishni tizimli yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladi.

    Shuningdek, mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, mavjud xomashyo negizida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini ishga solish, olis hududlarda barqaror ish oʻrinlari yaratish, iqtisodiyot uchun soliq bazasini kengaytirish va tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirishga koʻmaklashadi.