Yer qaʼri va yer qaʼrida tabiiy yoʻl bilan joylashgan barcha foydali qazilmalar Oʻzbekistonning davlat mulki boʻlib, undan oqilona foydalanish lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Ushbu mulk huquqi har qanday shaxsning yerga va suvga boʻlgan biror-bir huquqiga yoki mulkchiligiga qaramay qoʻllaniladi.
Davlat yer qaʼrini Qonunda nazarda tutilgan asoslar, shartlar va chegaralarda foydalanishga beradi.
Yer qaʼri uchastkalari oldi-sotdi, hadya, meros qilib qoldirish, omonat, garov predmeti boʻlishi yoki har qanday boshqacha shaklda oʻzga shaxsga oʻtkazilishi mumkin emas.
Yer qaʼridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi organlar quyidagilardan iborat:
- Vazirlar Mahkamasi;
- Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi;
- Energetika vazirligi;
- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi;
- Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi;
- “Yer qaʼridan foydalanish markazi” davlat muassasasi;
- mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.