Yer sohasidagi munosabatlarni tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi

    Hukumat 3 Iyun 2021 4764

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 iyun kuni yer munosabatlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

    Yer - umummilliy boylik. Keyingi yillarda ushbu resursdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, yer munosabatlari sohasida qonuniylikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali yer ajratish tartibining ochiqligi va shaffofligi ortib bormoqda, sohada byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda.

    Biroq, yer resurslarini talon-toroj qilish, o‘zboshimchalik bilan egallash va noqonuniy sotish holatlari hali ham kuzatilmoqda. Noqishloq va qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish tartibi barcha uchun bir xil va shaffof emas.

    Davlatimiz rahbari bu boradagi kamchiliklarni keskin tanqid qilib, yerni bozor aktiviga aylantirish, uning iqtisodiy qiymatini belgilash va moliyaviy oborotga kiritish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, yer ajratish va undan foydalanish sohasida davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

    - Bugungi kun tartibidagi masala juda murakkab. Bu sohada qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘z ijobiy natijasini topmayapti. Yer – xalqni boqayotgan mulk. Yerimizga bo‘lgan munosabatni mutlaqo o‘zgartirishimiz kerak.

    Yig‘ilishda yer sohasidagi qonunchilik bo‘yicha mavjud ahvol va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida ishlab chiqilgan takliflar ko‘rib chiqildi.

    Xususan, yerni xususiy sektorga mulk va ijara huquqi, davlat tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida berish tartibi joriy etiladi.

    Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqlari bilan yer ajratish kabi bozor iqtisodiyoti talablariga mos bo‘lmagan amaliyotlar tugatish va yerga bo‘lgan huquq turlarini 6 tadan 3 taga qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.

    Noqishloq yerlarni xususiy sektorga faqat auksion orqali sotish tartibi kiritiladi. Noqishloq yerlar O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslariga xususiy mulk qilib, xususiylashtirish mumkin bo‘lmagan yerlar esa ijara huquqi asosida sotiladi.

    Hokim qarori bilan nodavlat sektorga yer ajratish hamda yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tekinga berish amaliyoti bekor qilinadi.

    Qishloq xo‘jaligi yerlarini faqat ijara huquqi asosida ajratish tartibi kiritiladi. Bunday yerlar fuqaro va tashkilotlarga (chet elliklardan tashqari) ochiq tanlov asosida beriladi. Ochiq tanlovga ariza qabul qilish, talabgor haqidagi ma’lumotlarni to‘plash va baholash elektron shaklda amalga oshiriladi.

    Viloyat va tuman hokimlarining qishloq xo‘jalishi yerlari toifasini o‘zgartirish vakolati Vazirlar Mahkamasiga va Prezidentga o‘tkaziladi.

    Yig‘ilishda yer ajratilishi va undan foydalanilishi ustidan nazorat mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

    Jumladan, tuman hokimlarining yer ajratish va qaytarib olish haqida qaror qabul qilish vakolati to‘liq bekor qilinadi. Viloyat hokimining yer munosabatlariga doir barcha qarorlari adliya boshqarmasida huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.

    Shu bilan birga yer sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.

    Davlatimiz rahbari sohada qonun ustuvorligini ta’minlash shart ekaniga yana bir bor urg‘u berib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.