Yer sotmoqchi boʻlgan bojxonachi ushlandi

    Xavfsizlik 25 Fevral 2022 860

    DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Jarqoʻrgʻon tumani “Qumqishloq” mahallasida yashovchi, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Gulbahor” chegara postida inspektor boʻlib ishlayotgan Q.R.ni noqonuniy ravishda yer sotmoqchi boʻlganida qoʻlga oldi.

    Gap shundaki, u otasi M.S. nomiga rasmiylashtirilgan Jarqoʻrgʻon tumani “Qorayontoq” mahallasi hududidagi 0.008 ga yer maydonini firibgarlik yoʻli bilan tekindan oʻzganing ancha miqdordagi pul mablagʻlariga ega boʻlish maqsadida sotmoqchi boʻlgan.

    Bu yerning uning otasi 2020-yil yil 22-dekabrda “Elektron onlayn auksionlarni tashkil qilish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan oʻtkazilgan onlayn savdosida YU 139-040298-sonli bayonnoma asosida 9 oy muddat ichida 120 million soʻm investitsiya kiritish sharti bilan qoʻlga kiritgan edi.

    Q.R. tadbirga jalb qilingan “Sodiq” ismli shaxsdan yer uchun 32 million 550 ming soʻm pullarni Jarqoʻrgʻon tumani “Dehqonobod” mahallasida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasi xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

    Mazkur holat yuzasidan fuqaro Q.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.