“Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yana-da kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq yer uchastkasiga boʻlgan huquqni bekor qiluvchi qoidalar nazarda tutilgan Yer kodeksining 36-moddasi toʻrtinchi qismi hamda 38-moddasi yangi tahrirda bayon etildi.

Bundan koʻzlangan maqsad, birinchi navbatda, yer uchastkasi yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun hokimlar tomonidan olib qoʻyilishiga taqiq belgilashdan iborat.

Qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, tuman, shahar, viloyat hokimlarining hamda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish huquqi faqatgina toʻrtta holatda, yaʼni:

  • yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda;
  • yer uchastkasi berilgan muddat tugaganda;
  • yuridik shaxs tugatilganda;
  • xizmatda foydalanish uchun yer berishga asos boʻlgan mehnatga oid munosabatlar bekor boʻlganda tugatilishi mumkin.

Yer egalarining yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish yoxud undan foydalanish huquqi, shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini bekor qilish sud tomonidan amalga oshiriladi.

Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi pirovardida mulkdorlar huquqlari, ularni asossiz ravishda oʻz mulkiga boʻlgan mulk huquqidan mahrum etishdan himoya qilish kafolati mustahkamlandi.

Qolaversa, yer uchastkalari olib qoʻyilishi munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarining oʻrni davlat tomonidan toʻliq qoplanadi.