Auktsionga chiqariladigan er uchastkasini tanlash materiallarini kelishish va u bo'yicha xulosalar berish jarayoni vakolatli tashkilotlar tomonidan faqat elektron shaklda “YERELEKTRON” AAT orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Bu bilan tadbirkorlik sub'ektlariga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun er uchastkalarini ajratishda byurokratik to'siqlarni bartaraf etib, ushbu jarayonda shaffoflikni ta'minlashga erishildi.
Mazkur tartib bo'yicha hozirgi vaqtga qadar 711 ta er uchastkasi tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun elektron onlayn-auktsion savdolari orqali sotildi.
Davlat xizmatlari agentligi tomonidan o'tkazilgan o'rganishlar davomida vakolatli tashkilotlar tomonidan “YERELEKTRON” AAT orqali er uchastkalarini tanlash materiallarini kelishish va xulosalar berishda 2,3 mingdan ortiq qonun buzilishi holatlariga yo'l qo'yilganligi aniqlandi.
Xususan, suv ta'minoti idoralari tomonidan 536 ta, elektr ta'minoti korxonalari tomonidan 402 ta, kadastr idoralari tomonidan 359 ta, qurilish bo'limlari tomonidan 340 ta, gaz ta'minoti korxonalari tomonidan 290 ta, «Uztelekom» AJ tomonidan 154 ta, hokimliklar tomonidan 102 ta, madaniy meros idoralari tomonidan 77 ta, ekologiya organlari tomonidan 50 ta, soliq organlari tomonidan 37 ta holatda er uchastkalarini tanlash materiallarini kelishish va xulosalar berishda qonun buzilishga yo'l qo'yilgan.
Ushbu holatlarni bartaraf etish maqsadida, vakolatli tashkilotlarga 13 ta taqdimnoma va 324 ta ogohnoma kiritildi. Qonun buzilishi holatlariga yo'l qo'ygan 158 nafar mas'ul xodimlarga nisbatan ma'muriy javobgarlik chorasi qo'llanildi.
Jumladan, qurilish organlarining 33 nafar, elektr tarmoqlari korxonalarining 32 nafar, suv ta'minoti korxonalarining 31 nafar, gaz ta'minoti korxonalarining 20 nafar, «Uztelekom» AJning 12 nafar, kadastr idoralarining 11 nafar, soliq idoralarining 10 nafar, madaniy meros idoralarining 4 nafar, ekologiya idoralarining 3 nafar va mahalliy hokimliklarning 2 nafar mas'ul xodimlariga nisbatan ma'muriy jarima qo'llanildi.
Misol uchun, Surxondaryo viloyati er tuzish va ko'chmas mulk kadastri davlat korxonasi Jarqo'rg'on tuman filiali mas'ul xodimi S. T er uchastkasi haqidagi ma'lumotlarni “YERELEKTRON” AATga belgilangan tartibda kiritmagan.
Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on shahar qurilish bo'limi xodimi N. X. tomonidan “YERELEKTRON” AATga joylashtirilgan er uchastkasi bo'yicha tegishli xulosa o'z vaqtida berilmagan.
Xorazm viloyati Xonqa tuman elektr ta'minoti korxonasi mas'ul xodimi S. X. texnik shartlarini ishlab chiqishda muddat buzilishiga yo'l qo'ygan.
Qashqadaryo viloyati «Suvoqova» DUK Koson tumani filialining mas'ul xodimi F. O. tomonidan er uchastkasi bo'yicha 15 kunga kechiktirilib, texnik shart berilgan.
YUqoridagi holatlar bo'yicha mas'ul shaxslarga nisbatan MJtKning 215-5-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarima jazosi qo'llanildi.
Aslida vakolatli tashkilotlar o'zlariga yuklatilgan vazifalarni o'z vaqtida bajarmayotganligi natijasida tadbirkorlik sub'ektlariga er uchastkalarini ajratishda sun'iy to'siqlar yuzaga kelmoqda.
Bu kabi salbiy holatlar, tadbirkorlikni yanada qo'llab-quvvatlash maqsadida olib borilayotgan islohotlarning «oyog'iga bolta urilayotganligini» ko'rsatmoqda.
Aslida, tadbirkorlik uchun er uchastkalarini ajratishda vakolatli tashkilotlardan ko'p narsa talab qilinmaydi, o'zlariga yuklatilgan vazifalar ijrosini o'z vaqtida ta'minlab qo'yishsa kifoya.
Isomiddin LATIPOV,
Davlat xizmatlari agentligi bosh maslahatchisi.