Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida «Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibining takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Qonun koʻrib chiqildi.
Qonun bilan Yer kodeksi hamda qator qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Qonunda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasining ijarachisi ijaraga olish shartnomasi boʻyicha oʻz huquqlari va majburiyatlarini yer uchastkasidan asosiy foydalanish maqsadini oʻzgartirmagan holda, yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi muddati doirasida boshqa shaxsga oʻtkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkinligi koʻzda tutilmoqda.
Yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion, ochiq elektron tanlov yoki tanlov oʻtkazmasdan davlat organlarining qarorlariga koʻra toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berilgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar
va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazishga (qayta ijaraga berishga)
yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran besh yildan keyin yoʻl qoʻyilishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, yer uchastkasini ijaraga olish huquqi kredit olish uchun garovga qoʻyilgan va kredit majburiyati bajarilmagan taqdirda, kreditorlar tomonidan mazkur yer uchastkalariga boʻlgan ijara huquqini yerdan foydalanish maqsadini oʻzgartirmagan holda onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish kiritilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini jismoniy va yuridik shaxslarga berishda shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan elektron onlayn-auksion savdolari joriy etilishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, yer uchastkalari yerdan foydalanish maqsadini oʻzgartirmagan holda qayta ijaraga berilishi qishloq xoʻjaligi yerlarini bozor aktiviga aylantirish imkonini yaratadi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.