Hujjat quyidagilarga qaratilgan:
- hududlarda tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilayotgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari ustidan nazorat jarayonini takomillashtirish;
- auksionlarda ijara huquqi bilan sotib olinadigan yer uchastkalarini birlashtirish imkoniyatini yaratish;
- yer-huquqiy munosabatlarda barqarorlikni taʼminlash;
- kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat-tadbirkorlik zonalarida investitsiya muhitini yanada yaxshilash.
Xususan, aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini isloh qilish, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratish, zamonaviy koʻp kvartirali turar joylar qurish koʻlamini yanada kengaytirish uchun quyidagilar belgilandi:
- kichik sanoat zonalari va yoshlar tadbirkorlik zonalari (YOTZ) hududida joylashgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksionlarda sotishda sanoat zonalari direksiyalari buyurtmachi deb tan olinadi;
- olis va choʻl hududlarda tashkil etilayotgan YOTZ roʻyxati Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi va viloyat xalq deputatlari kengashlari qarorlari bilan tasdiqlanadi, ular zarurat tugʻilganda unga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritadilar.
2025-yil 5-sentyabrdan boshlab olis va choʻl hududlarda joylashgan YOTZ hududidagi boʻsh yer uchastkalari 1 soʻm narxida elektron onlayn-auksionga chiqariladi.
“Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimida “Olis va choʻl hududlarda joylashgan YOTZdagi boʻsh yer uchastkalari” alohida boʻlimi yaratiladi.
Koʻp kvartirali turar joylar qurish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha auksion gʻolibi tuman (shahar) hokimiyati bilan “Elektron auksionlarni tashkil etish” AJda roʻyxatga olinadigan elektron shartnoma (oferta) tuzadi va quyidagi muddatlarni nazarda tutadi:
- koʻp kvartirali turar joylar qurish uchun auksionda sotilgan yer uchastkalari boʻyicha loyihaoldi hujjatlarni tayyorlash uchun 15 kun;
- loyiha ishlarini bajarish uchun 2 oy va qurilish ishlarini boshlash uchun 3 oy;
- yer uchastkasida qurilishi rejalashtirilgan obyektni foydalanishga topshirish.
Auksion taklifi talablari bajarilmaganda yer uchastkasi belgilangan tartibda qaytarib olinadi va takror savdolarga chiqariladi.
Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati va shaharsozlik maqsadlarida elektron onlayn-auksionlarda realizatsiya qilinadigan yer uchastkalarida qurilish ishlari boshlanganidan ularni foydalanishga topshirilguniga qadar barcha jarayon bosqichlarini “Onlayn mahalla” elektron platformasida monitoring qilish tizimi joriy etiladi.
Hujjat bilan Davlat kartografik-geodezik kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom (15.11.2005-y. 250-son VMQ bilan tasdiqlangan) va hukumatning boshqa hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi:
- kadastr sohasida davlat xizmatlarini Kadastr agentligining veb-sayti orqali koʻrsatish;
- kadastr yigʻmajildini tuzish va uning natijalari boʻyicha kadastr pasportini olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxatini amaldagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish;
- yer uchastkalarini elektron onlayn-auksionlarga chiqarish tartibini yanada takomillashtirish.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 04.09.2025-yildan kuchga kirdi.








