Yer usti metro yoʻnalishining 2-bosqichidagi qurilish ishlari

    Urbanizatsiya 24 Dekabr 2021 1928

    Qoʻyliq hududidan Toshkent halqa yoʻnalishi boʻylab 2,5 kilometrga yaqin yangi relslarning dastlabki qismi yotqizildi.

    Mamlakatimiz poytaxti, Markaziy Osiyoning aholisi eng koʻp boʻlgan Toshkent shahrida ham bugun transport soni yil sayin ortib, shahrimizning asosiy koʻchalarida tirbandliklar tobora ortib boryapti. Ayniqsa, soʻnggi besh yil davomida poytaxtimizda katta qurilish ishlari olib borildi, koʻp qavatli aholi turur joylari massivlari barpo etildi. Avtomobil yoʻllari kengaytirildi, yangi va zamonaviy yoʻl oʻtkazgichlar qurildi, shahrimiz hududi kengayib bormoqda.

    Bugungi kunda shahrimizda uch yarim million aholi muqim istiqomat qilayotgan boʻlsa, bir sutka davomida respublikamizning boshqa viloyatlari, qoʻshni davlatlar hamda dunyoning turli hududlaridan 1 millionga yaqin aholi Markaziy Osiyoning eng katta shahriga kelib ketadi. Qolaversa, ayni paytda Toshkent shahrida 630 mingdan ortiq avtomobillar roʻyxatga olingan boʻlsa, bir sutka davomida shahrimizga yana 300 mingga yaqin yengil va ogʻir mashinalar kelib ketadi.

    Toshkentning yil sayin rivojlanib, farovon shaharga aylanib borishi kelgusida aholi hamda avtomobillar sonini yanada ortishiga sabab boʻladi.

    Mamlakatimizda ilk bor qurilish sohasida katta tajribaga mutaxassislar va zamonaviy texnikalarga ega “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining “Koʻprikqurilish” Tresti unitar korxonasi jamoasi tomonidan estakada shaklida yer usti metro liniyasi hamda yer osti yoʻnalishlarini qurish boshlandi. Shundan soʻng temiryoʻlchilar tomonidan Toshkent halqa yer usti metropoliteni liniyasining 1-bosqichi boʻlgan “Doʻstlik – Qoʻyliq” uchastkasi hamda Toshkent metropolitenining yer usti Sergeli yoʻnalishi va Yunusobod yoʻnalishining yer osti 2-bosqichlari qurildi.

    2020-yilning dekabr oyida esa “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Koʻprikqurilish tresti” unitar korxonasi tomonidan yer usti metro liniyasining 2-bosqichi boʻlgan 11,62 kilometrlik “Qoʻyliq – Qipchoq” uchastkasida qurilish ishlari boshlangan edi. Ayni paytda ushbu uchastka hududlarida yangi loyiha boʻyicha qurilish ishlari jadallik bilan olib borilyapti.

    Toshkent halqa yer usti metro yoʻlining 2-bosqichi Qoʻyliq bozoridan Mirobod hamda Sergeli tumanidan oʻtgan Toshkent katta halqa yoʻli, poytaxt viloyatining Zangiota tumanidagi Xonobod koʻchasi hamda Sergeli tumanining Qipchoq koʻchasidan oʻtib, Sergeli liniyasining 5-bekatiga ulanadi va Yangi hayot tumanidagi Toshkent metallurgiya zavodi hududigacha yetkaziladi. Ushbu uchastkada 7 ta bekat qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, ayni paytda Qoʻyliq bozori hududidagi “7-bekat”dan Sergeli-qurilish mavzesidagi (Stroitelniy) “12-bekat”gacha qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

    Bugungi kunda loyihaning 2-bosqichida 11,62 kilometrlik “Qoʻyliq – Qipchoq” uchastkasida qurilish ishlari jadallik bilan amalga oshirilyapti.

    Yer usti metro yoʻnalishining birinchi bosqichi boʻlgan Doʻstlik – Qoʻyliq yoʻnalishida 7 ta bekat qurilgan boʻlsa, Qoʻyliq bozori hududidagi “7-bekat” birinchi bosqichning soʻnggi bekatidir. Ayni paytda Toshkent halqa avtomobil yoʻli boʻylab qurilayotgan 2-bosqichda 8-,9-,10-bekatlar oraligʻida poydevor, ustun hamda rigellar va ularga 26 metrlik balkalar oʻrnatib boʻlindi.

    Bekatlarda esa qurilish ishlari davom etyapti. Xususan, 8-bekatning birinchi qavatida asosiy qurilish ishlari deyarli tugatilib, soʻnggi pardozlash ishlari bajarilyapti. Bino devorlari har qanday ob-havoga chidamli, mustahkam kafellar hamda marmarlar bilan qoplanmoqda. Bino ichi ham milliy dizayn asosida bezatilib, zamonaviy eshik-romlar qoʻyilib, yoʻlaklarga koʻrkam marmarlar oʻrnatilmoqda. Stansiyaning 2-qavatdagi perron qismida ham qurilish ishlari boshlab yuborildi.9- hamda “10-bekat”da ham asosiy qurilish ishlari tugatilib, binoning 1-qavatidagi ichki va tashqi qismida pardozlash, elektr, santexnika va aloqa tizimini montaj qilish bajarilmoqda. “11-bekat”da snoslar mavjudligi bois hali qurilish ishlari boshlanmagan boʻlsa, “12-bekat”da gʻisht terish ishlari olib borilyapti. Ayni paytda loyihaning eng murakkab qurilish hududidan biri boʻlgan Toshkent halqa avtomobil yoʻlini Xonobod koʻchasiga tutashgan burilish qismida monolit usulida estakada qurilishi amalga oshirilyapti.

    Qipchoq koʻchasida ham poydevorlar qazilib, ustunlarni oʻrnatish ishlari olib borilyapti. Eʼtiborlisi Qoʻyliq bozoridan Toshkent halqa yoʻli boʻylab qurilgan metro yoʻnalishining 8-, 9- hamda “10-bekat”lari oraligʻida estakada shaklidagi qurilishning temir-beton ishlari yakuniga yetib qolgani bois “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining Yoʻl xoʻjaligi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan dastlabki relslarni oʻrnatish ishlari boshlab yuborildi. Unga koʻra ayni paytda “7-bekat”dan 8-,9- hamda “10-bekat”lar oraligʻiga 2 ming 500 metrdan ortiq yangi relslar yotqizildi.

    Toshkent yer usti halqa metro yoʻnalishining 2-bosqichida amalga oshirilayotgan qurilish ishlariga 110 ta texnika, mashina va mexanizmlar hamda 2 500 nafarga yaqin malakali muhandis va ishchi-xodim jalb qilingan. Ishchi-quruvchilar kuniga uch mahal issiq ovqat bilan taʼminlangan. Ularning mehnat muhofazasiga qatʼiy amal qilgan holda faoliyat koʻrsatishi nazoratga olingan. Qurilish obyektiga zarur mahsulotlar ham oʻz vaqtida yetkazib berilyapti.

    “Qoʻyliq – Qipchoq” uchastkasi foydalanishga topshirilgach, sutkasiga 46 ming yoʻlovchi tashilishi rejalashtirilgan. 700 ga yaqin yangi ish oʻrni ham yaratiladi.

    Mutaxassislarning fikricha hozirga kelib qurilish ishlarining qariyb 60 foizdan ortigʻi bajarildi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ maʼlumotiga tayanib.