Yer usti xalqa metro yoʻnalishining 2-bosqichida ishlar qizgʻin yer usti metrosi Yangihayot tumanidagi “Zangiota” koʻp tarmoqli kasalxonasigacha boradi

    Mazkur loyiha qurilish ishlariga 150 dan ortiq texnika, mashina va mexanizmlar hamda 3 ming 500 nafarga yaqin malakali muhandis va ishchi-xodim jalb qilingan.

    “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi «Koʻprikqurilish» tresti unitar korxonasi tomonidan yer usti halqa metro liniyasining 2-bosqichida 15 kilometrlik “Qoʻyliq – Qipchoq – Yangi hayot” uchastkasidagi qurilish ishlari qay tartibda boʻlishi metropolitenga uyushtirilgan press-turda maʼlum qilindi.

    Maʼlum boʻlishicha, Toshkent halqa yer usti metro yoʻlining 2-bosqichi Qoʻyliq bozoridan Toshkent shahrining Mirobod hamda Sergeli tumanidan oʻtgan Katta halqa yoʻli, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Xonobod koʻchasi hamda Sergeli tumanining Qipchoq koʻchasidan oʻtadi.

    Undan soʻng, Sergeli liniyasining 5-bekatiga ulanadi hamda Yangi hayot tumaniga yetkaziladi. 15 kilometrlik umumiy uzunlikka ega ushbu uchastkada 9 ta bekat qurish rejalashtirilgan.

    Eʼtiborlisi, metroning 2-bosqichi 9-bekati Yangi hayot tumanidagi Koʻp tarmoqli kasalxona, Toshkent metallurgiya zavodi hamda yaqin orada quriladigan va kelgusida 60 ming aholi istiqomat qilishi koʻzda tutilgan mega loyiha – «Minerva siti» hududiga yaqin joyda qurilishi aytilmoqda.

    Sababi ushbu hududda yangi koʻp qavatli turar joylar quriladi hamda aholi tashrifi yana-da ortadi. Metro bekati esa ushbu hudud aholisi va bu yerga tashrif buyuradigan yoʻlovchilar uchun muhim transport turiga aylanadi.

    Bugungi kunda loyihaning 2-bosqich qismida rejaga koʻra, 538 ta ustundan 25 tasi oʻrnatilgan, ularga bosqichma-bosqich rigellar montaj qilinmoqda. Ushbu uchastkada loyihaga koʻra 3 ming 228 ta balka oʻrnatish belgilangan boʻlsa, hozirda ularning 129 tasi oʻrnatilgan.

    Shuningdek, hozirda Qoʻyliq hududidan Katta halqa yoʻli boʻylab qariyb 600 metr yoʻnalish boʻylab poydevor, ustun hamda rigellar va ularga 26 metrlik balkalar oʻrnatilgani va beton ishlari tugatilgani maʼlum qilingan.

    Mazkur loyiha qurilish ishlariga 150 dan ortiq texnika, mashina va mexanizmlar hamda 3 ming 500 nafarga yaqin malakali muhandis va ishchi-xodim jalb qilingan.