Yer va suvdan samarali foydalanmagan fermerlarga chora koʻrildi

    Agrosektor 30 Iyun 2020 925

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmuyi ustidan nazorat qilish Inspeksiyasining Kattaqoʻrgʻon tumani boʻlimi tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish yuzasidan monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda.

    Oʻtkazilayotgan tadbirlar davomida, qishloq xoʻjaligi korxonalari xodimlari, fermerlar tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etilishi holatlari tahlil etilgan holda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish choralari koʻrilmoqda.

    Xususan, tumandagi “Fayzikent fayzli dalasi”, “Murodullo Erdonov”, “Gʻaniyev Abdumannon”, “Melixoʻja unumdor dalasi” singari oʻnlab fermer xoʻjaliklari tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv resurslarini isrof qilish holatlari aniqlandi. Ushbu qonun buzilish holatlarini sodir etgan fermer xoʻjaliklari rahbarlariga nisbatan, Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalariga asosan maʼmuriy javobgarlik chorasi qoʻllanildi.

    Shuningdek, tumandagi M.Ulugʻbek muqobil MTP hududida faoliyat yuritayotgan “Sulton Bilol agro” hamda “Yangihayot” muqobil MTP hududidagi “Osmonsoy barakali dalalari” fermer xoʻjaliklari tomonidan yer resurslaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanib kelinganligi aniqlandi.

    Yuqoridagi holatlar yuzasidan ushbu fermer xoʻjaliklariga ajratilgan yer maydonlarini tuman zaxirasiga olishi yuzasidan tuman hokimiga tegishli tartibda taqdimnoma kiritildi.

    Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, qishloq xoʻjaligi korxonalari rahbarlari va fermerlarga ajratilgan yer maydonlari va suv resurslaridan tejab-tergab, samarali foydalanish maqsadga muvofiq boʻladi. Aks holda qonun buzilish holatlariga nisbatan qonunchiligimizda tegishli choralar belgilab qoʻyilgan.

    Nurali NOMOZOV,

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmuyi

    ustidan nazorat qilish inspeksiyasining

    Kattaqoʻrgʻon tumani boʻlimi boʻlimi boshligʻi