Bizning zaminimizdek bebaho yer dunyoda kamdan-kam. Unumdor yerimizda yetishtirilgan noz-neʼmatlar bozorlarimizga fayz, xonadonlarimizga baraka kiritib turibdi. Lekin bizni boqayotgan yerga nisbatan munosabat yaxshi emas.
Qarichi oltinga teng yerimizdan oqilona foydalanish masalasini qoʻya turaylik, ahvol shu darajaga yetib keldiki, yer bilan bogʻliq qonunbuzarliklar odatiy holga aylandi.
Prezident yer munosabatlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan oʻtkazgan yigʻilishda bu boradagi muammolarga atroflicha toʻxtalib, kamchiliklarni keskin tanqid qildi. Yerni bozor aktiviga aylantirish, uning iqtisodiy qiymatini belgilash va moliyaviy oborotga kiritish, yer ajratish va undan foydalanish sohasida davlat hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berdi.
Kecha sohaga doir muhim hujjat eʼlon qilindi. Prezidentning “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonini mubolagʻasiz tarixiy, deb atash mumkin.
Sababi, ushbu hujjat bilan mamlakatimizda yerga boʻlgan munosabatlarda butkul yangicha tartib-taomillar oʻrnatilmoqda. Jumladan, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqlari bilan yer ajratish kabi bozor iqtisodiyoti taomillariga mos boʻlmagan amaliyotlarni tugatilib, yerga boʻlgan huquq turlari 6 tadan 3 taga qisqartiriladi.
Noqishloq yerlarni xususiy sektorga faqat auksion orqali sotish tartibi kiritilishi, noqishloq yerlar Oʻzbekiston fuqarolari va yuridik shaxslariga xususiy mulk sifatida, xususiylashtirish mumkin boʻlmagan yerlar esa ijara huquqi asosida sotilishi yoʻlga qoʻyilishi eng zarur qarordir.
Farmon bilan yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibi joriy etiladi, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlik taʼminlanadi, yer egalarining mulkiy huquqlari kafolatlanadi, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali u fuqarolik huquqiy munosabatlar obyekti sifatida erkin muomalaga kiritiladi.
Yana muhim bir oʻzgarish — tuman hokimlarining yer ajratish va qaytarib olish haqida qaror qabul qilish vakolati toʻliq bekor qilinadi. Bu bilan hozirda tez-tez uchrab turgan sohadagi qonunbuzarliklarga toʻsiq qoʻyiladi. Viloyat hokimlarining yer munosabatlariga doir barcha qarorlari esa adliya boshqarmasida huquqiy ekspertizadan oʻtkaziladi.
Farmonga koʻra, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan, natijalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlanadigan ochiq elektron tanlov yakunlariga koʻra, faqat ijara huquqi asosida, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar esa mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi.
Yuqoridagi va farmonda taʼkidlangan boshqa oʻzgarishlarga koʻra, “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” hamda “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari Hukumat tomonidan tayyorlanib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
Yerga doir qonunchilik sohasidagi yuqoridagi kabi muhim oʻzgarishlar xalqimiz, ayniqsa, qishloq ahlining koʻp yillik orzusi amalga oshishiga xizmat qiladi. Mazkur jarayonda biz, xalq vakillari ham faol ishtirok etishimiz, yer maydonlarini ajratish va foydalanishda nazorat oʻrnatishimiz, bu borada qonunchilikka qatʼiy amal etilishiga kafil boʻlishimiz kerak. Yer — xalq, davlat mulki, unga nisbatan sodir etiladigan har qanday qonunbuzarliklarga nisbatan murosasiz boʻlishimiz shart.
Ulugʻbek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari