Dastlab, tomonlar sohada olib borilayotgan islohotlarga to'xtalib, istiqboldagi hamkorlik rejalari haqida fikrlashib oldilar.

 Shundan so'ng kelgusiga mo'ljallangan tizimli ishlarni amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xarita”si tasdiqlandi. Unda talabalar, professor- o'qituvchilarning xalqaro safarbarligini qo'llab-quvvatlash, oliy ta'limda ilmiy salohiyatni oshirish, o'quv yurtlarini zamonaviylashtirish kabi yo'nalishlar ustuvor vazifa etib belgilanganiga alohida e'tibor qaratildi.

 Shuningdek, bugungi kunda O'zbekiston oliy ta'lim tizimini rivojlantirishga oid tadqiqotlarni birgalikda amalga oshirishda xorijiy ekspertlarni jalb etish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Shu qatorda akademik mobillikni rivojlantirish, ta'lim dasturlarini xalqaro ekspertizadan o'tkazish bo'yicha takliflar bildirildi.

Tadbir davomida xalqaro grantlarda ishtirok etish, bu yo'nalishda hududlar bo'ylab hamkorlikda trening, master-klass hamda forsayt tadbirlar o'tkazish, YUNESKO, Yevropa Ittifoqi tajribasini hisobga olgan holda oliy ta'limning dolzarb yo'nalishlari bo'yicha qo'shma tahliliy hisobotlar tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.

So'ng Oliy ta'limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg'or texnologiyalarni tatbiq etish markazi va O'zbekistondagi Erasmus+ Milliy ofisi o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

 Oliy ta'limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg'or texnologiyalarni tatbiq etish markazi direktori Shuhrat Yoqubov imzolangan memorandum kelgusida rejalashtirilgan ishlarni hamkorlikda samarali tashkil qilishga xizmat qilishini ta'kidladi.

 Uchrashuv so'ngida Erasmus+ Milliy ofisining kelgusidagi loyihalar doirasidagi barcha tadbirlar hamkorlikda amalga oshirilishiga kelishib olindi, deb xabar bermoqda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot xizmati.