Yerdan samarasiz foydalanganlarga qariyb 34 million soʻm jarima qoʻllanildi

    Agrosektor 20 Noyabr 2020 730

    Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Navoiy viloyat boshqarmasi hamda tuman boʻlimlari tomonidan qishloq xoʻjaligi yerlaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, qonunchilik talablariga soʻzsiz rioya etilishi hamda yerdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash, ularni kelib chiqish sabablari hamda shart-sharoitlarini bartaraf etish yuzasidan monitoring tadbirlari olib borilmoqda.

    Jumladan, joriy yilning yanvar-oktyabr oyida qishloq xoʻjaligi yerlaridan oqilona foydalanish borasida 472 ta nazorat tadbirlari oʻtkazilib, oʻrganilgan 5 ming 690,4 gektar maydonning 3 ming 464,8 gektarida 384 ta holatda qonunbuzilishi holatlari mavjudligi qayd etildi.

    Xususan, 129 ta holatda 478,6 gektar maydonlarda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallash, noqonuniy uy-joy va boshqa qurilishlar qurib olish, 220 ta 2373 gektar maydonlarda yerlardan xoʻjasizlarcha foydalanish, ularni yaroqsiz holga tushirish, 35 ta 613,08 gektar maydonda xoʻjalik ichidagi yer tuzish loyihalaridan oʻzboshimchalik bilan chetga chiqish, davlat yer kadastri yuritish qoidalarini buzilganligi kabi holatlar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari koʻrildi.

    — Har bir qonunbuzilish holatiga nisbatan oʻz vaqtida chora qoʻllanilmoqda, — deydi “Oʻzagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi katta inspektori Ulugʻbek Kenjayev. — Jumladan, aniqlangan holatlar boʻyicha tuman hokimliklariga va boshqa tashkilotlarga 132 ta taqdimnoma kiritildi. - 250 ta maʼmuriy qaror qabul qilinib, 33 million 562 ming soʻm jarima qoʻllanilishi belgilandi.

    Bundan tashqari 8 ta toʻplangan materiallar prokuratura organlariga yuborilishi, Vazirlar Mahkamasining 146-sonli qaroriga binoan 21 ta holatda yetkazilgan zarar miqdori hisoblanib sudlarga daʼvo arizalari kiritilishi hamda huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 243 ta yerdan foydalanuvchilari va ijarachilariga rasman ogohlantirishlar berilishi taʼminlandi.

    Olib borilayotgan nazorat tadbirlariga qaramay, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan noqonuniy foydalanish holatlari uchrab turibdi. Birgina oktyabr oyining oʻzida Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi tomonidan 57 ta nazorat tadbirlari oʻtkazilib, 26 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

    Bunda asosan yerdan samarasiz xoʻjasizlarcha foydalanish, boshoqli don ekish ishlarini kechiktirish kabi holatlar kuzatilib, ularga nisbatan tegishli choralar koʻrildi.Viloyat boshqarmasi hamda tuman boʻlimlari tomonidan mazkur nazorat tadbirlari davom etmoqda.


    “Oʻzagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi

    Matbuot xizmati