Erdog'an NATOni Rossiya bilan munosabatni Turkiya modeli asosida yo'lga qo'yishga chaqirdi

    Turkiya Prezidentining so'zlariga ko'ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tez orada tugashi dargumon. NATO har ikki davlat bilan munosabatlarni Turkiya misolida o'rnatishi kerak, deb hisoblaydi Erdog'an.

    Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an Yevropa davlatlari Kiyevni qo'llab-quvvatlasa-da, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tez orada tugashiga ishonmaydi. “Men bunga haqiqatan ham ishonmayman. Va bu butun dunyo uchun yaxshi emas. Bu yomon yangilik va bu haqda shunday fikr yuritish biz uchun qiyin”, dedi u 23-sentabr, seshanbaga o'tar kechasi Amerikaning Fox News telekanali efirida.

    Erdog'on Ukrainani qo'llab-quvvatlash davom etishiga umid qilmoqda.

    Uning tushuntirishicha, Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy jihatdan raqobatlasha olmaydi, Yevropa esa Kiyevga cheksiz muddatga iqtisodiy yordam bera olmaydi. “Umid qilamizki, bu qo'llab-quvvatlash davom etadi”, dedi Turkiya rahbari va AQShning Ukrainani qancha vaqt qo'llab-quvvatlashini taxmin qila olmasligini aytdi.

    Rossiyaning Yevropa Ittifoqi havo hududidagi provokatsiyalariga NATOning ehtimoliy javobi haqidagi savolga javob berar ekan, erdog'an ittifoqni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan yaxshi munosabatda bo'lgan Turkiyaga o'xshash modelga amal qilishga chaqirdi. Uning fikricha, NATO keskinlikni kamaytirish uchun har ikki tomon bilan diplomatik hamkorlik tamoyillariga amal qilishi kerak.

    “Rossiya juda jiddiy yo'qotishlarga uchradi. Ukraina ham insoniy va moliyaviy jihatdan juda jiddiy yo'qotishlarga uchradi. Biz bunday bo'lishini xohlamagandik”, deya qo'shimcha qildi Turkiya rahbari.

    Rossiyaning Ukrainaga keng ko'lamli bosqini boshlanganidan beri Turkiyada Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o'rtasida bir necha marta muzokaralar o'tkazildi. Turkiya Prezidenti, shuningdek, Zelenskiy va Putin o'rtasida shaxsiy uchrashuv o'tkazilishi tarafdori, deb xabar berdi dw.com.