Erdog'an Suriyani tiklash masalasida yordam berishga tayyorligini ma'lum qildi

    Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an Turkiyaning mamlakatni tiklash jarayoniga tayyorligini va bu jarayonda Suriya xalqini tashlab qo'ymasligini bildirdi.

    “Sizlar (Suriya xalqi) – bu shonli g'alabaning haqiqiy egalarisiz. Sizlarni o'z mamlakatim va xalqim nomidan hurmat bilan qutlayman, muborak g'alaba tilayman va taraqqiyot, tiklanish yo'nalishdagi kurashingizda sizni bor kuchimiz bilan qo'llab-quvvatlashimizga umid qilaman va biz qiyinchiliklarni birgalikda yengamiz”, dedi Turkiya rahbari Vazirlar Mahkamasi yig'ilishidan keyin qilgan murojaatida.

    Avvalroq Suriyada davlat televideniyesini qo'lga olgan qurolli muxolifat vakillari mamlakat ustidan nazorat o'rnatganliklarini aytib efirga chiqishgan edi. Suriya bosh vaziri Muhammad G'ozi al-Jaloliy mamlakatda bir qancha vazirlar bilan qolganini, biroq ular mudofaa vazirining qaerdaligini bilishmasligini aytdi. Bosh vazir, shuningdek, qurolli muxolifat rahbariyati bilan aloqa o'rnatganini aytdi.

    Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Suriya prezidenti Bashar Asad Suriya mojarosining bir qator ishtirokchilari bilan muzokaralardan so'ng o'z lavozimini tark etishga qaror qilgani va hokimiyatni tinch yo'l bilan topshirish bo'yicha ko'rsatmalar berib, Suriyani tark etgani, Rossiya esa muzokaralarda ishtirok etmagani haqida xabar berdi.

    Kremldagi manbaning RIA Novosti agentligiga aytishicha, Asad va uning oila a'zolari Moskvaga kelgan – Rossiya ularga gumanitar nuqtai nazardan boshpana bergan. Agentlik suhbatdoshi, shuningdek, Rossiya rasmiylari Suriyadagi qurolli muxolifat vakillari bilan aloqada ekanligini, ularning yetakchilari Rossiya Federatsiyasining Suriyadagi harbiy bazalari va diplomatik muassasalari xavfsizligini kafolatlaganini qayd etdi, deb xabar beradi ria.ru.