Yerevan va Boku chegarani delimitatsiya qilish komissiyalari faoliyati to'g'risidagi nizomni imzoladi

    Armaniston va Ozarbayjon chegarani delimitatsiya qilish komissiyalarining birgalikdagi faoliyati to'g'risidagi nizomni imzoladi. Bu haqda Armaniston tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytiladi.

    Xabarda ta'kidlanganidek, 2024-yil 19-aprel kuni Armaniston va Ozarbayjon o'rtasidagi Davlat chegarasini delimitatsiya qilish va chegara xavfsizligini ta'minlash bo'yicha komissiya va ikki davlat o'rtasidagi Davlat chegarasini delimitatsiya qilish bo'yicha davlat komissiyasining sakkizinchi yig'ilishida imzolangan bayonnomaga muvofiq “komissiyalar birgalikdagi faoliyat to'g'risidagi qoidalarni kelishish bo'yicha ishlarni yakunlashdi”.

    30-avgust kuni Yerevan va Boku vakillari komissiyalarning birgalikdagi faoliyati to'g'risidagi nizomni imzolashdi. “Hozirda Armaniston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi ichki davlat tartib-qoidalarini amalga oshirishni boshladi”, deyiladi xabarda. Armaniston qonunchiligiga ko'ra, ushbu hujjat respublika parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak, deb xabar beradi tass.ru.