Yerga oid munosabatlar yanada takomillashtirilmoqda

    Endilikda yer uchastkalarini olgan qarzdor shaxs ogohlantirilgandan soʻng 6 oy ichida qarzdorlikni bartaraf etmasa, uning yerga boʻlgan huquqi bekor boʻlishi mumkin.

    Qonunchilik palatasining kuni kecha boʻlib oʻtgan majlisida “Yer kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.

    Qonun loyihasiga koʻra Yer kodeksiga qoʻyidagi asosiy qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda:

    • endilikda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni bir toifasidan boshqa toifasiga oʻtkazish mazkur yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar Yer kodeksida belgilangan tartibda bekor qilinganidan keyin va yer uchastkalari yangidan berilishidan oldin amalga oshiriladi;
    • sugʻorilmaydigan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga ruxsat etilgan qurilish obyektlarini joylashtirishni (qurishni) nazarda tutuvchi loyihalar viloyatlar va Toshkent shahar hokimi tomonidan tasdiqlanadi;
    • yer uchastkalarini olganlik uchun haq belgilangan muddatlarda toʻlanmaganda – bu haqida vakolatli organlar tomonidan muddati oʻtgan qarzdorlik mavjudligi boʻyicha ogohlantirish berilgan sanadan boshlab 6 oy ichida bartaraf etilmaganda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning bekor qilinishiga asos boʻladi.