"Samarqand shahrida yashovchi bu qizimiz va uning farzandlari viloyat hokimligi va boshqarmamiz himoyasiga olinib, unga zarur tibbiy-ijtimoiy, moddiy va ma'naviy yordam ko'rsatilmoqda. Oiladagi vaziyatni o'rgandik, Mustahkam fikrlarini eshitdik, u bilan deyarli har kuni suhbatlashyapmiz. Hozirda bu oilani saqlab qolish yoki ularni yarashtirish haqida o'ylaganimiz yo'q. CHunki, mavjud vaziyat bunga imkon bermaydi.

Aksincha, viloyat hokimligi unga ikki xonali uy ajratmoqchi. Salomatligi yaxshilanganidan keyin Mustahkamni ish bilan ta'minlash chorasini ko'ramiz. Umuman, bu qizimizni endi hech kimga xafa qildirib qo'ymaymiz. Kuni kecha Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirining birinchi o'rinbosari G.Ma'rufova ham uning holidan xabar olib, suhbatlashdi. Mustahkam himoyaga olinib, unga qanday yoram zarur bo'lsa, ko'rsatilishi ma'lum qilindi", deydi S.Jumaeva.

Brifingda Samarqand shahar IIB tergov bo'limi boshlig'i Damir Sultonov ham mazkur holat yuzasidan ma'lumot berib, xotiniga nisbatan zo'ravonlik qilgan SH.Karimovga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini bildirdi.

"22 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu holatdan bugun ko'pchilik yaxshi xabardor. Xotiniga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo'lgan SH.Karimov 24 avgust kuni ushlanib, sud qarori bilan tegishli tartibda qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo'llanilgan. Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda bu shaxs qamoqdan qo'yib yuborilibdi, er-xotinni yarashtirish chorasi ko'rilyapti ekan, degan gap so'zlar tarqalmoqda. Ammo bu gaplar asossiz. SH.Karimovga nisbatan qo'llanilgan qamoq ehtiyot chorasi o'zgartirilmagan. Jinoyat-protsesual kodeksi talablariga ko'ra, ushbu jinoyat ishini yarashtirish bilan tugatish imkonsiz.

Bundan tashqari, jinoyat ishi qo'zg'atishga asos bo'lgan Jinoyat kodeksi moddalari bo'yicha ham turli fikrlar bildirilmoqda. Bu fikrlarga javoban shuni aytmoqchimanki, biz jinoyat ishini dastlabki to'plangan tergovoldi hujjatlariga asosan 105-modda bilan qo'zg'atganmiz. Hozirda jabrlanuvchi va gumon qilinuvchini, guvohlarni so'roq qilyapmiz.

ekspertiza xulosalari olingan. Barcha ko'rsatma va vajlar tekshirilmoqda. Ish bo'yicha aniqlangan holatlarning hech biri e'tibordan chetda qolmaydi va bu jinoyat ishiga qo'shib boriladi. Ayni paytda ish tergov jarayonida bo'lgani, tergov siri degan tushunchalar borligi sababli barcha holatlarni oshkor eta olmaymiz", dedi D.Sultonov.