Erkin iqtisodiyot Indeksi bo‘yicha «Erkin savdo» nazorat ko‘rsatgichida O‘zbekiston rekord darajada o‘z o‘rnini yaxshiladi

    Biznes 19 Yanvar 2022 3520

    Davlatimizning toʻgʻri savdo siyosati, tarif koʻrsatkichlarini pasaytirish, bojxona va nazorat toʻsiqlarini yengillashtirish borasidagi islohotlari natijasida xalqaro darajadagi koʻrsatkichi 20,2 ballga yaxshilandi va 55,4 balldan (2021-yil) 75,6 ballga (2022-yil) koʻtarildi.

    Ushbu reytingda mamlakatimiz AQSH, Yaponiya, Xitoy va Rossiya singari davlatlarni ortda qoldirdi. Hozirgi kunda Oʻzbekiston 2021-yildagi 163-oʻrindan ancha yuqorilab, 67-oʻringa koʻtarilib oldi va bu koʻrsatgich bilan Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilik qilmoqda.

    Shuni alohida taʼkidlash kerakki, “Erkin savdo” koʻrsatgichining oʻrtacha bali 70,9 dan 69,5 ga tushgan va 21% davlatlargina tashqi savdoda tariflangan va tarifsiz toʻsiqlarni yaxshilashga muvaffaq boʻldi.

    Maʼlumot oʻrnida: iqtisodiy erkinlik Indeksi (Index of Economic Freedom) – reyting hisoblanib, mamlakatlardagi iqtisodiy erkinlikni baholaydi. Mazkur reyting “Meros fondi” (The Heritage Foundation) AQSH tadqiqotlar markazi va The Wall Street Journal biznes nashri bilan hamkorlikda chop etiladi.

    Fond mutaxassislari “hukumat aralashuvining yoʻqligi yoki ishlab chiqarishga toʻsqinlik qilish, tovar va xizmatlarning taqsimlanishi hamda isteʼmoli, fuqarolarning erkinligini zaruriy himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash bundan mustasno” talablari orqali oʻz reytinglarini aniqlaydilar. Nashr 1995-yildan beri chop etiladi.

    Strategik rivojlanish agentligi

    Matbuot xizmati