Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasida navbatdagi masala sifatida viloyat hokimini tasdiqlash masalasi koʻrib chiqildi.
Qonunchilikka koʻra, viloyat hokimi lavozimiga nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etiladi hamda ushbu nomzod boʻyicha partiya guruhlari bilan maslahatlashuv oʻtkaziladi.
Shu munosabat bilan viloyat hokimi lavozimiga nomzod boʻyicha partiya guruhlari bilan maslahatlashuv oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Gʻ.Mirzayev sessiya ishida ishtirok etdi. Maslahatlashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Samarqand viloyati hokimi lavozimiga E.Turdimov nomzodi koʻrsatilganligi bildirildi.
Nomzod deputatlarga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqboliga moʻljallangan oʻz dasturini taqdim etdi.
Nomzod boʻyicha partiyalar guruhlari ham oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 122-moddasi hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasi qarori bilan Turdimov Erkinjon Oqbutayevich nomzodi Samarqand viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.