Yer bebaho boylik. Yerning har bir qarichidan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanishni taʼminlash, yerlarni muhofaza qilish, yer bilan uzviy bogʻlangan davlat kadastrlari yagona tizimini toʻlaqonli yuritish  muhim vazifadir.Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda yerlarni ajratish, ularning hisobini yuritish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish, yer nazoratini amalga oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida davlatimiz rahbarining “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ham qabul qilindi. Mazkur hujjatning ijrosi nazorat-tahlil tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻrganildi va ushbu oʻrganish yakunlariga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilganidek, hujjat ijrosi oʻrganilganda koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish, aerokosmik suratga olish, davlat kartografiya-geodeziya kadastrini yuritish boʻyicha qator amaliy ishlar qilinmoqda.

Xususan, “Kadastr va roʻyxatdan oʻtkazish integratsiyalashgan axborot tizimi” yaratildi. Ushbu tizim orqali qishloq xoʻjaligi yerlarini elektron shaklda davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshlandi. Elektron hisobga olingan yer maydonlarida 77,3 mingta fermer xoʻjaliklari va ularning 4,1 mln. gektar yer maydonlari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Shuningdek, “ArcGIS” dasturida onlayn geoportal (gis.kadastr.uz) pilot tarzida ishga tushirildi va barcha yer uchastkalarining elektron xaritalari yaratilishi va maʼlumotlarni ochiq-oshkora eʼlon qilib borilishi yoʻlga qoʻyildi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, Kadastr agentligi tashkil etilgandan buyon 385 mingta qoʻshimcha obyekt va 403 mingta koʻchmas mulk obyektida qoʻshimcha qurilmalar aniqlanib, soliq idorasiga onlayn tarzda taqdim etildi. Joriy yilning 9 oyida 14 530 holatda 2 406,4 gektar maydon oʻzboshimchalik bilan egallab olish boʻyicha huquqbuzarliklar aniqlandi. Ular boʻyicha 12 950 ta majburiy koʻrsatma berildi, hokimliklarga 8 353 ta taqdimnoma kiritildi, prokuratura organlariga 4 928 ta maʼlumot kiritildi.

Fuqarolar hamda tadbirkorlar koʻchmas mulk obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va davlat reyestridan koʻchirmani davreestr.uz axborot tizimi orqali olish imkoniyati yaratildi.

Har qanday foydalanuvchi koʻchmas mulk, uning turi, joylashgan joyi, chegarasi, maydoni va huquq egalari haqida map.geoportal.uz sayti orqali maʼlumot olish imkoniyati yoʻlga qoʻyildi. Barcha yer uchastkalari, jumladan, qishloq xoʻjaligi yerlarining toʻliq elektron xaritalari yaratilib, ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ochiq-oshkora eʼlon qilib borish boʻyicha gis.kadastr.uz onlayn geoportali pilot tarzida ishga tushirildi. Bugungi kunda 24 ta yoʻnalishda ochiq maʼlumotlar Agentlikning kadastr.uz rasmiy veb-saytiga joylashtirilib yangilanib borilmoqda.