Farmonga koʻra, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijara huquqi asosida sotib olish qiymatini quyidagi shartlarda har oyda teng ulushlarda, qoldiq summaga Markaziy bankning asosiy stavkasida foiz hisoblagan holda boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi:
- Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida – 3-yil davomida kamida 35 foiz miqdorida dastlabki toʻlovni 15 ish kunida amalga oshirish sharti bilan;
- boshqa aholi punktlarida – 5-yil davomida, 4- va 5-toifalardagi tumanlarda esa 10-yil davomida kamida 15 foiz miqdorida dastlabki toʻlovni 15 ish kunida amalga oshirish sharti bilan.
Shuningdek, barcha turdagi yer uchastkalarining qiymati 15 ish kunida toʻliq toʻlangan taqdirda, jami summaga nisbatan 20 foiz chegirma beriladi.
Joylardagi hokimliklarga sanoat zonalari, aholi punktlari hududlarining qismlari, xususan, yangi barpo etiladigan koʻp kvartirali va yakka tartibdagi uy-joy massivlari, savdo va xizmat koʻrsatish majmualari hududlarini shaharsozlik jihatidan rejalashtirish ishlariga belgilangan shartlarga muvofiq loyiha tashkilotlarini eng yaxshi takliflarni tanlash asosida jalb qilish huquqi beriladi.