“Oxirgi raketa zarbasi hech qanday shubha yo'qki, bosib olingan hududlar (Isroil uzra) osmoni to'liq bizning nazoratimiz ostida ekanligini isbotladi”, deya IIQK bayonotidan iqtibos keltiradi Eron OAVlari.
Unda birinchi avlod “Fattoh” raketalari Eronning Isroildagi nishonlarga bergan so'nggi zarbalari chog'ida qo'llangani qayd etiladi va shunday takidlanadi: “Biz sionistlar armiyasining havo hujumidan mudofaa tizimi tugatilishi boshlanganiga guvohmiz”.
“Tel-Aviv aholisi endi Eronning raketa salohiyatiga qarshi himoyasiz”, deya da'vo qilmoqda IIQK.
Eron Mudofaa vazirligi matbuot kotibi general Rizo Talayi-Nik Eron “Isroil razvedka ob'ekti”ga ilk bor zarba berish uchun aniqlanmaydigan raketalardan foydalanganini ma'lum qildi, deb xabar beradi IRNA.
“Bugungi hujumda biz kuzatish va ushlab qolish imkonsiz bo'lgan raketalardan foydalandik”, deya generalning so'zlarini keltiradi agentlik.
IRNA shuningdek, Eron Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo'mitasi raisi general Abdulrahim Musaviy, o'z navbatida, Eronning o'tgan juma kunidan beri Isroilga qarshi olib borayotgan amaliyotlari “to'xtatuvchi” ekanligini va endi “jazolovchi” bo'lishini aytdi.
13-iyunga o'tar kechasi Isroil Eronga qarshi yirik zarbalar berdi. Operatsiyadan ko'zlangan maqsad Tehronning yadroviy dasturi bo'yicha ishini bekor qilish edi. Bunga javoban Eron tomoni Isroil hududiga zarba bera boshladi. Zarbalar almashinuvi davom etmoqda, deb xabar beradi interfax.ru.









