Eron Oʻzbekistonda poliuretan xom ashyosini ishlab chiqarishni rejalashtirgan

    Sanoat 7 Iyun 2022 1727

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Eronning “Mokarrar” xolding kompaniyasi bilan charm-poyabzal sanoati uchun zarur boʻlgan poliuretan xom ashyosini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi qoʻshma loyihani amalga oshirish boʻyicha muzokara boʻlib oʻtdi.

    Muloqot avvalida Uyushma rahbariyati Eron kompaniyasiga mamlakatimizning charm-poyabzal va moʻyna sanoatining ishlab chiqarish salohiyati, investitsion dasturlar va xorijlik sarmoyadorlarga yaratilgan sharoitlar hamda davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar xususida batafsil maʼlumot taqdim etdi.

    Qayd etish kerak, bugungi kunda charm-poyabzal, elektrotexnika, avtomobilsozlik sanoatlari mazkur turdagi xom ashyoni import qilyapti. Mamlakatimizda charm-poyabzal sanoati yildan yilga rivojlanib, ishlab chiqarish hajmi ortib boryapti. Bu oʻz navbatida mahalliy korxonalarimizni sifatli va arzon xom ashyo bilan taʼminlash masalasini ham kun tartibiga olib chiqadi. Xususan, poyabzal ishlab chiqarish sohasida poliuretan xom ashyosiga talab yuqori. Ayni vaqtda mazkur xom ashyo xorijdan olib kelinadi.

    Eronning “Mokarrar” xolding kompaniyasi esa aynan poliuretan xom ashyosini ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda yetakchilardan biri sanaladi. Hozirgi kunda kompaniyaning Turkiya, Xitoy, BAAda filiallari faoliyat olib boradi. 1 600 dan ortiq korxonalar bilan xom ashyo yetkazib berish boʻyicha hamkorlik qilib keladi.

    Muloqot chogʻida Eron kompaniyasi bilan uchta yoʻnalishda hamkorlik qilish boʻyicha tashabbuslar ilgari surildi. Birinchi navbatda mahalliy korxonalar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻygan holda hamkorlik, ikkinchi uyushma qoshidagi “Uzcharmimpeks” korxonasining yetkazib berish imkoniyatlaridan foydalanish hamda uchinchi yoʻnalish mazkur turdagi xom ashyoni Oʻzbekistonda ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirishdir.

    Uchrashuv chogʻida Eron kompaniyasiga poliuretan xom ashyosini ishlab chiqarish boʻyicha Andijon, Namangan viloyatlari, Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar xususida maʼlumot berildi. Muzokaralar chogʻida Eron kompaniyasi bu yoʻnalishda hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qilib, loyihalar bilan yaqindan tanishishni maqsadini bayon qildi.

    Shuningdek, Oʻzbekistonda tayyorlangan ikkilamchi teri va tayyor charm-poyabzal mahsulotlarini xarid qilish boʻyicha ham muzokaralar boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.