Tehron Marv (Turkmaniston) va Dushanbe (Tojikiston) shaharlariga temir yo'l qatnovini tashkil etish choralarini ko'rmoqda, bu Eronning qo'shni Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini yanada mustahkamlaydi, dedi Eron milliy temir yo'llari kompaniyasi (RAJA) bosh direktori Jabbor Ali Zakeriy.
Uning so'zlariga ko'ra, bu yangi yo'nalishlar Eronning transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash strategiyasining bir qismidir.
Markaziy Osiyo mamlakatlariga temir yo'l qatnovi qachon ishga tushishi hozircha ma'lum qilinmagan.
Jabbar Ali Zakeriy, shuningdek, Eronni Turkiya, Afg'oniston va Markaziy Osiyo davlatlari bilan bog'laydigan ikkita yangi temir yo'l yo'nalishi yaqinda ishga tushirilishini ma'lum qildi. Yangi yo'nalishlardan biri Tehronni Anqara bilan bog'laydi va yaqin ikki oy ichida ishga tushiriladi. Ikkinchi yo'nalish – Tehron-Hirot kelasi oy oxirigacha ishga tushadi.
Ushbu yo'nalishlar odamlar va yuklarni tashish, shuningdek, savdo va sarmoyaviy sohadagi strategik loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Turistik poezdlarni rivojlantirish ushbu tashabbuslarning muhim jihati hisoblanadi, deb xabar beradi asiaplustj.info.
Bosh direktor temir yo'llar va harakatlanuvchi tarkiblar parki rivojlanishi o'rtasidagi tafovut masalasiga ham to'xtalib o'tdi. Eron har yili 150 dan 300 kilometrgacha yangi temir yo'llarni quradi, biroq tarmoq to'liq ishlashi uchun harakat tarkibini yangilash kerak. Joriy yilda mamlakatga 300 ta yangi yo'lovchi vagonlari keltiriladi. Shuningdek, Xitoy tomoni bilan yangi vagonlarni yetkazib berish bo'yicha shartnoma imzolandi, dedi kompaniya rahbari.









