Qayd etilishicha, iqlimshunos olim Erkin Abdulahatovga Eron va Isroil oʻrtasidagi keskinliklar ortishi, Eronning yadroviy obyektlari, uran kon zaxiralariga raketa zarbalari fonida oʻsha obyektlardagi qandaydir radioktiv halokatlarning Oʻzbekistonga ham taʼsiri bormi, degan savollar kelib tushgan.
Uning taʼkidlashicha, bordi-yu radioaktiv nurlanish faollashsa, muayyan ob-havo sharoitlarida ana oʻsha hududlardagi radioaktiv nur bizning Oʻzbekistonga kirib kelishi mumkin. Bu, Oʻzbekistonga kirib keluvchi va rivojlanuvchi 15 sinoptik jarayonning 2-3 tasida roʻy beradi.
Olimning qoʻshimcha qilishicha, bu jarayonlar yozgi termik depressiya va past bosimli kichik gradiyentli atmosferasi sohasi jarayonidir. Ushbu jarayonlar 11- va 13-tur sinoptik jarayonlari deyiladi.
Bu ikki jarayon yoz oylarida bizning mintaqada hukmron jarayonlar ekani inobatga olinsa, hozirgi sharoitda Eron hududlaridagi oqimlarning bizning mintaqaga toʻsiqlarsiz bemalol kirib kelishini taxmin qilish mumkin. Bekorga xalq orasida yoz oylaridagi issiqliklar “bizga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan kirib keladi” degan gap ommalashmagan, — deydi iqlimshunos.









